13 oktabr kungi birja savdolarida bitkoin yangi tarixiy maksimumga erishib, 5800 dollarlik pog‘onadan oshdi. Shu bilan u kapitallashuvi bo‘yicha Goldman Sachs va Morgan Stanley kabi gigantlardan o‘zib ketdi.
Bitkoin 13 oktabr Toshkent vaqti bilan 19:51 da 5801,7 dollarga baholangandi. Uning bozor qiymati ilk marotaba 96,4 mlrd dollarga (aniqrog‘i 96 427 224 470) yetgan. Albatta, bitkoinni aksiyalar toifasiga kiritib bo‘lmaydi. Ammo uni ayrim yirik kompaniyalar kapitallashuvi bilan taqqoslansa, ancha hayratlanarli ko‘rinadi.
Masalan, BHP Billiton - 96,6 mlrd dollar; Bitcoin (Bitcoin): 96,4 mlrd dollar; Goldman Sachs: 92,9 mlrd dollar; Morgan Stanley: 89,1 mlrd dollar; Netflix: 84,5 mlrd dollar. Bitkoin Nasdaq tarkibida 15-eng yirik kompaniyasi bo‘lishi mumkin edi. NYSE birjasida bu boradagi o‘rni 58 ni tashkil etar edi. Bitkoin qiymatining keskin oshishiga Xitoy kriptovalyutalar savdosiga qo‘ygan taqiqni bekor qilishi mumkinligi haqidagi xabar sabab bo‘ldi.