ShHT va Afg‘oniston xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi

Jahon 09:49 / 13.10.2017 3533

Moskva Shanhay hamkorlik tashkilotining terrorizmga qarshi Mintaqaviy tuzilmasi va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishni taklif qildi, Kobul bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda RF prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili, TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Baxtiyor Hakimov 11 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan ShHT-Afg‘oniston muloqot guruhi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha TASS’ga ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «suhbat ochiq va manfaatdor o‘tdi». «Ishtirokchilar aniq takliflarni ilgari surishdi, ular e'tiborga olinadi», - dedi diplomat.

«Biz ShHT terrorizmga qarshi Mintaqaviy tuzilmasi va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada faolroq amalga oshirishni taklif qildik, Afg‘oniston taklifimizni qo‘llab-quvvatladi va bu masalani hal qilish uchun faol ish olib borishga tayyorligini bildirdi», - dedi Hakimov.

Iqtisodiyot sohasida, diplomatning ko‘rsatishicha, Kobul transport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, avtomobil tashuvlari uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishda ishtirok etishdan manfaatdor. Bundan tashqari, Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston ShHT bilan ta'lim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishga umid bildirmoqda. «Rossiya tomoni ShHT Universitetining imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish va ShHT Yoshlar kengashi bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi», - deya xabar berdi u.

«Ishtirokchilar bir ovozdan milliy murosa va bu mamlakatning iqtisodiy qayta uyg‘onishiga ko‘maklashish, barqarorlikni tiklash bo‘yicha vazifalarni hal qilish uchun ShHT hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, bu shaklda o‘zaro harakatlarni rivojlantirishga e'tibor berilishini ta'kidladilar», - deya xulosa qildi diplomat.

ShHT-Afg‘oniston muloqot guruhining faoliyati 2009 yilda to‘xtatilgan bo‘lib, tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida qayta tiklandi. Birinchi yig‘ilish Moskvada 11 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi, keyingi uchrashuvni esa 2018 yilning boshida Pekinda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: