Saralangan yoshlar yetakchilari Vestminster​ va Inha universitetlariga o‘qishga qabul qilinadi​

Jamiyat 16:50 / 13.10.2017 10492

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan saralangan yoshlar yetakchilari Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev xabar bergan.

Respublikaning namunaviy va ixtisoslashgan maktablaridan saralab olingan 28 nafar yoshlar yetakchisi uchun Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida 16-21 oktabr kunlari o‘quv-treninglari tashkil etilmoqda. Bu loyiha ilk bora O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda.

Vazir o‘rinbosari Alisher Sa'dullayevning Kun.uz'ga xabar berishicha, ushbu loyiha tubdan o‘zgartirilgan, ishtirokchilarga foydali ma'lumot bera oladigan va kelgusi ishlarni monitoring qilib borish imkoniyatiga ega tizim shaklida amalga oshirilmoqda. 

«Vazirlikning maqsadi bitta: joylarda tashkil etilgan namunaviy va ixtisoslashgan maktablar​ faoliyati orqali yosh kadrlarni yangicha ishlashga o‘rgatish. Bu loyihaning ilk bosqichi bo‘lib, shu kabi o‘quv kurslari AT yo‘nalishida Toshkentdagi Inha universitetida, xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha O‘zDJTUda tashkil etiladi», deydi u.

Loyihaning maqsadi – yetakchilarni innovatsion loyihalar yaratishga va murabbiylikka tayyorlash, yetakchilik, notiqlik, taym-menejment, ijodiy va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan mahorat darsi va treninglar orqali ularda ko‘plab ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun xalqaro toifadagi malakali trenerlar jalb qilingan. Loyiha va trenerlar guruhi haqidagi batafsil ma'lumotlarni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Yoshlar uchun - YU​ sahifasida kuzatib borish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: