Prezidentning 29.09.2017 yildagi PF–5197-son «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba'zi hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi Farmoni e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2.09.2017 yildagi PF–5177-son Farmoniga binoan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun narxlar va tariflar hamda jamiyatlarning ustav kapitallariga minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanadi. Shuningdek, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar faqat so‘mda undiriladi (konsullik yig‘imlaridan tashqari).
Shu munosabat bilan amaldagi qator hujjatlarga o‘zgarishlar kiritildi.
Aytish joizki, paxta tolasini qayta ishlovchi barcha tashkilotlar endi uni milliy valyutada xarid qilishadi. Bundan tashqari, TDYuU bakalavriatida tahsil olayotgan xorijliklar kontraktlari so‘mda to‘lanadi.
Prezidentning 2.12.2016 yildagi PF–4861-son Farmonidan mehmonxona xizmatlari uchun EKVda haq to‘lash haqidagi shartlar chiqarib tashlandi. Bundan kelib chiqadiki, mehmonxonalar va boshqa joylashish joylarida xizmatlar uchun to‘lov milliy valyutada yoki xalqaro to‘lov kartalari vositasida ham qabul qilinadi.
Avval «O‘zbekengilsanoat» AJ korxonalariga taqdim etilgan ichki bozorda to‘qimachilik yarim tayyor mahsulotlarini EKVga xarid qilish huquqi bekor qilindi. Ammo ularni xarid qilganda QQSning «nol» stavkasi 1.01.2020 yilgacha amal qiladi.
Tuzatishlar 30.09.2017 yildan kuchga kirdi.