Denis Istomin «Toshkent Chellenjyer» turniri finaliga chiqolmadi

Sport 17:20 / 13.10.2017 4741

Toshkent shahrida 7 oktabr kunidan e'tiboran «Toshkent Chellenjyer» tennis musobaqasi start oldi.

Sovrin jamg‘armasi 125 ming AQSh dollarini tashkil qiladigan mazkur turnirda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin ham ishtirok etdi. 

U «Toshkent Chellenjyer»iga yuqori kayfiyatda tashrif buyurgandi. Denis Istomin ikki hafta oldin Xitoyning Chendu shahrida o‘tkazilgan nufuzli turnirda bosh mukofotni qo‘lga kiritgan va buning natijasida dunyo reytingida 25 pog‘onaga ko‘tarilib, 53-o‘ringa joylashgandi.

Toshkent turnirida birinchi raketka hisoblangan Istomin vatandoshi Farrux Do‘stovni 2:1, bosniyalik Aldin Shetkichni 2:0, belaruslik Vladimir Ignatikni 2:0 hisobida mag‘lub etib yarimfinalgacha yetib keldi. 

Yarim finalda u ispaniyalik tennischi, turnirning 4-raketkasi Gilerme Garsiya-Lopes qarshiligini sindira olmadi.  

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi turnirda Istomin finalga qadar yetib borib, rossiyalik Konstantin Kravchukka 5:7, 4:6 hisobida imkoniyatni boy berib, turnir vitse-chempioniga aylangandi. Ta'kidlash joizki, Denis 2011 va 2015 yillarda ushbu turnirning bosh mukofoti sohibiga aylangan.

Endi musobaqa finalida Gilerme Garsiya-Lopes polshalik tennischi Kamil Maychrzak bilan bellashadi.

Tennis, «Toshkent Chellenjyer» turniri, erkaklar yakka bahsi
Ochiq kortlar, hard
Mukofot jamg‘armasi - 125 000 $
13 oktabr, 2017 yil
Yarimfinal
Denis Istomin (O‘zbekiston) - Gilerme Garsiya-Lopes (Ispaniya) - 6:7 (5:7), 4:6

Ko‘proq yangiliklar: