Bangladeshga qochgan rohingya musulmonlari soni 536 mingga yetdi

Jahon 16:40 / 13.10.2017 5931

Joriy yilning 25 avgustidan buyon Myanma armiyasi zo‘ravonligi sabab Bangladeshga qochgan rohingya musulmonlari soni 536 mingga yetdi. Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) vakili Joel Millman Jyenevadagi matbuot anjumanida shu haqida xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 9-11 oktabr oralig‘ida Bangladeshda qochqinlar soni keskin ko‘paygan.

"Guvohlarning bildirishicha, Bangladesh chegarasi yaqinida Naf daryosi bo‘yida Koks-Bazarga yetishga urinayotgan 8-9 ming qochqin to‘planib qolgan", - dedi Millman. 

IOM vakilining ta'kidlashicha, barcha qochqinlar shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj. Qochqinlar lagerlarida toza ichimlik suvining yetishmovchiligi kuzatilmoqda, ularning aksariyati tibbiy yordamga ehtiyoj sezmoqda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Koks-Bazar lagerlaridan qo‘nim topgan Arakan qochqinlarini Myanmaga qaytarish uchun hozircha hech qanday sharoitlar yo‘q. 

Myanma shimolidagi Arakan musulmonlariga qarshi amalga oshirilgan hujumlar "qurollangan jangarilarga qarshi kurash" sifatida e'tirof etilmoqda. Mintaqadagi gumanitar vaziyat keskin yomonlashdi. Bangladeshga qochgan arakanlik musulmonlar soni esa 536 mingga yetdi. 

Ko‘proq yangiliklar: