Statistika. Ispaniya Germaniyadan qaysi jihatlari bilan ustun?

Sport 15:40 / 12.10.2017 10341

2018 yilgi Jahon chempionatida keyingi yillarda kuchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan 2014 yilgi jahon chempioni Germaniya va 2010 yilgi jahon chempioni Ispaniya terma jamoalari asosiy favoritlar sifatida ko‘rilmoqda. 

Quyida Yevropa terma jamoalari JCh-2018 saralashida namoyish etgan afzallik ko‘rsatkichlari keltiriladi.

Ispaniya
Ispaniya Italiya bilan bir guruhda ishtirok etdi va Apennin yarim oroli terma jamoasini 5 ochkoga ortda qoldirib, guruhda birinchi bo‘ldi. 10 uchrashuvda 9 g‘alaba va 1 durang. To‘plar nisbati - 36-3.

-futbolchilarning texnik-taktik harakatlari soni - har o‘yinda o‘rtacha 1133 marta
- TTH sifati - 85 foiz
- burchak zarbalari - har o‘yinda o‘rtacha 8,5 marta
- paslar soni - har o‘yinda o‘rtacha 803ta
- paslar aniqligi - 91 foiz
- jarima maydoniga uzatilgan paslar aniqligi - 60 foiz

Germaniya
Shu yil yozida Rossiyada bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida g‘olib chiqqan Germaniya terma jamoasi saralash bosqichini juda yaxshi o‘tkazdi va o‘z guruhida 100 foizlik natijani qayd etdi - 10 o‘yinda 10 gol, to‘plar nisbati 43-4.

- gollar nisbatidagi ustunlik - plyus 39
- to‘pga egalik qilishdagi ustunlik - bir o‘yinda 71 foizlik
- jarima maydoniga eng ko‘p uzatma - bir o‘yinda 54ta
- o‘tkir paslar uzatish - bir o‘yinda 41ta

Portugaliya
Amaldagi Yevropa chempionlari B guruhida Shveytsariya bilan oxirgi turgacha raqobat qildi. Birinchi turda Shveytsariya uyida yutqazgan portugallar oxirgi turgacha yutqazmadi va guruh g‘olibligini qo‘lga kiritdi. To‘plar nisbati 32-4.

- zarbalar bo‘yicha - o‘rtacha bir o‘yinda 20,8ta
- qanotdan to‘p uzatish - bir o‘yinda 26ta
- muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar - 70 foiz

Belgiya
Belgiyaning yangi avlodi bu safargi jahon chempionatiga katta maqsadlar bilan tashrif buyuradi. Roberto Martines shogirdlari saralashda guruhdagi eng yaqin ta'qibchisi Gretsiyani 9 ochkoga ortda qoldirdi va Yevropada birinchi bo‘lib mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. To‘plar nisbati - 43-6.

- o‘yindan urilgan gollar soni - 36ta
- hujum vaqtidagi yakkakurashlarni yutib chiqish - 55 foiz

Polsha
Roberto Levandovski boshchiligidagi Polsha terma jamoasi Daniya bilan raqobatda ustun chiqib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Terma jamoa 10 o‘yinda 28 gol urib, 14ta o‘tkazdi. Urilgan gollarning 16tasiga Levandovski muallif bo‘ldi.

- Standart vaziyatlardan urilgan gollar soni - 12

Angliya
Polshaning o‘yini Levandovskiga bog‘liq bo‘lgani kabi, Angliyaning o‘yini Harri Keynga bog‘liq bo‘lib qoldi. Ushbu yosh hujumchi terma jamoa sardoriga aylandi va terma jamoaning saralash doirasidagi oxirgi 4 o‘yinida 4 gol urdi. Angliya saralashda 8 g‘alaba va 2 durang qayd etdi, to‘plar nisbati 18-3.

- aldab o‘tishlar soni - bir o‘yinda 40 marta

Fransiya
A guruhida Shvetsiya va Niderlandiya terma jamoalarini ortda qoldirgan Fransiya terma jamoasi navbatdagi mundialda chempion bo‘lish uchun asosiy da'vogar. Grizmann, Pogba, Mbappe kabi yoshlardan tarkib topgan fransuzlar o‘ta kuchli guruhda 23 ochko jamg‘ardi. To‘plar nisbati 18-6.

- yakkakurashlarda yutib chiqish - 56 foiz

Shveytsariya
Shveytsariya 27 ochko jamg‘arib ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqa olmadi. Granit Chaka jamoadoshlari 10 turda 23 gol urib, 7ta o‘tkazdi. Portugaliyaga qarshi oxirgi turda yutqazib, birinchi o‘rinni boy bergan Shveytsariya pley-offda Shimoliy Irlandiya, Shvetsiya, Irlandiya va Gretsiya terma jamoalaridan biri to‘sig‘idan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. 

- ikkinchi qavatdagi yakkakurashlarda ustunlik - 62 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: