Rossiya Tojikiston armiyasini nega modernizatsiya qilmoqda?

Jahon 19:30 / 12.10.2017 26556

Bugun Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan MDH ishtirokchi-davlatlarining mudofaa vazirlari Kengashi yig‘ilishi doirasida Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu Tojikiston harbiy idorasi rahbari, general-leytenant Sherali Mirzo bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda RF Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

«Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Biz ushbu hududda xavflarni kamaytirish va barqarorlikni oshirishga qaratilgan ko‘plab qo‘shma mashqlarni o‘tkazmoqdamiz. Tabiiyki, bunda Tojikiston chegarasida sodir bo‘layotgan barcha narsaga e'tibor qaratilmoqda. Men birinchi navbatda Afg‘oniston va u yerdan beqaror vaziyat tufayli kelayotgan tahdidlarni nazarda tutmoqdaman. Vaziyat o‘zgarib bormoqda. Va u yaxshi tomonga o‘zgarmayapti», - deya ma'lum qildi Sergey Shoygu.

«Bundan tashqari, - deya ta'kidlab o‘tdi Rossiya mudofaa vaziri, - gap Tojikiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishda yordam berish va qo‘llab-quvvatlash haqida ham ketmoqda. Bu yerda katta dastur amalga oshirilmoqda, u yaxshi davom etayapti. O‘ylaymanki, bugun biz ushbu dasturni amalga oshirishning keyingi bosqichlarini muhokama qilishimiz mumkin».

Rossiya mudofaa vazirining ta'kidlashicha, Tojikiston qurolli kuchlarini mustahkamlash maqsadida respublikaga Rossiya qurol-yarog‘i va texnikasi yetkazib berilmoqda. 

«Rossiya Mudofaa vazirligi oliy o‘quv yurtlarida Tojikiston armiyasi uchun yuqori malakali kadrlarni beg‘araz asosda tayyorlab bermoqdamiz», - deya qo‘shimcha qildi Sergey Shoygu. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada bugungi kunda 560 nafardan ortiq harbiy tahsil olmoqda.

Shuningdek, Tojikistonda joylashtirilgan Rossiyaning 201-harbiy bazasi ta'lim fondlarida kichik mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi qo‘shma tezkor va jangovar tayyorgarlik tadbirlari sonini ko‘paytirishni muhim, deb hisoblamoqda.

«Rossiya va Tojikistonda, - deya ta'kidlab o‘tdi Sergey Shoygu, - Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni mustahkamlash va barqarorlikni saqlash bo‘yicha umumiy maqsadlar bor. Vazirliklarimiz o‘rtasidagi aloqalarni shu nuqtai nazardan yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Shu bilan birga, biz harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda hamkorlikka alohida e'tibor qaratmoqdamiz».

Rossiya harbiy idorasi rahbari barcha rejalar va maqsadlar bajarilishiga ishonch bildirdi. Jumladan, Rossiya va Tojikiston mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2018 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi. 

Ko‘proq yangiliklar: