IIB bilan jamoat tartibini saqlash borasidagi xizmatlar uchun shartnoma qanday tuziladi?

O‘zbekiston 10:55 / 12.10.2017 12523

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 oktabrdagi qarori bilan ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi xizmatlarni shartnomaviy-huquqiy asosda amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, bozorlar, yirik savdo, ko‘ngilochar, dam olish majmualari va markazlari hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi tadbirlar shartnomaviy-huquqiy asosda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan mazkur joylarda faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar bilan tuziladigan shartnomalarga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi.

Jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun yuridik shaxs tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, fuqarolar gavjum bo‘ladigan joyning nomi, manzili, bino va inshootlar hamda atrofidagi hududning sxemasi ilova qilingan holda ko‘rsatiladi.

Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi ariza tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) jamoat tartibini saqlash bo‘yicha (bo‘linmasi, guruhi) tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Arizani ko‘rib chiqishda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) jamoat tartibini saqlash bo‘yicha (bo‘linmasi, guruhi) yuridik shaxs bilan birgalikda fuqarolar gavjum bo‘ladigan joy ko‘zdan kechiriladi. Joyni ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, unda obekt hududining chegarasi, PPX bo‘linmasi shaxsiy tarkibining talab etiladigan soni, xizmat xonalari, post va marshrutlarning joylashuvi, javobgarlik hududi, PPX bo‘linmasi xodimlarining xizmat olib borish vaqti hamda tartiblari belgilanadi. Ko‘zdan kechirish dalolatnomasi va shartnoma loyihasi tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga yuboriladi.

Yuklangan vazifalarni bajarish uchun PPX bo‘linmasi shaxsiy tarkibining soni, post va patrul yo‘nalishlarining joylashuvi, shuningdek xizmatni o‘tash qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Patrul- post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi ko‘zdan kechirish dalolatnomasi va shartnoma loyihasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ularni besh ish kunidan kechiktirmagan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyatiga taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmalari tomonidan ko‘zdan kechirish dalolatnomasida obektlar chegarasini, PPX bo‘linmasining javobgarlik zonalarini, post va patrul yo‘nalishlarining joylashuvi, soni hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar smeta qiymatini belgilashda jiddiy kamchiliklar aniqlanganda, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasiga (bo‘limiga) mazkur kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish tartiblari ko‘rsatilgan bildirishnoma yuboriladi.

Shartnoma loyihasi amaldagi qonunlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi uch ish kunidan oshmagan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuridik shaxs bilan shartnoma tuzish hamda PPX bo‘linmasi xodimlari uchun qo‘shimcha shtat birliklari ajratish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.

Yuridik shaxslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan shartnoma tuzadi. Shartnoma tuzish va PPX bo‘linmasi xodimlari uchun qo‘shimcha shtat birliklari ajratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash xizmatlari PPX bo‘linmalari naryadlarining faoliyatini tashkil etish orqali ko‘rsatiladi. PPX bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish va ularni moddiy-texnik vositalar bilan ta'minlash tuzilayotgan shartnomalar bo‘yicha tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. PPX bo‘linmasi xodimlarining xizmatni olib borish tartibi va vaqti, post va marshrutlarning joylashuvi hamda javobgarlik hududlari tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) boshlig‘i tomonidan yuridik shaxs bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjyetdan tashqari maxsus hisob-raqamlariga o‘tkaziladi. Ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablag‘lar xodimlarga oylik maosh berish, ularni moddiy rag‘batlantirish, ijtimoiy himoya qilish PPX bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini, jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash va yangilash uchun sarflanadi.

Ko‘proq yangiliklar: