Ahmad Shahid: O‘zbekiston diniy bag‘rikenglikdan din va e'tiqod erkinligiga o‘tish kerak

O‘zbekiston 17:10 / 12.10.2017 32835

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekistonda din va e'tiqod erkinligi borasidagi hozirgi vaziyatni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga kelgan edi. U shu yilning 2 oktabridan 12 oktabriga qadar mamlakatda bo‘lib, O‘zbekiston hukumati rasmiylari, diniy va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi. 

Ahmad Shahid o‘z tashrifi yakunida O‘zbekistondagi diniy va NNT, diplomatik vakolatxonalar va OAV vakillari bilan uchrashdi. 

Uning o‘z tashrifiga doir xulosasiga ko‘ra, “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator islohotlar inson huquqlari, jumladan din va e'tiqod erkinligini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga o‘z hissasini qo‘shadi”. 

Ahmad Shahidning ta'kidlashicha, “dinlar yoki har qanday e'tiqod ko‘pmillatli va turli diniy jamoalar birgalikda tinch yashayotgan O‘zbekistonda tahdid sifatida baholanmasligi kerak”. 

Maxsus ma'ruzachi, diniy ekstremizmga qarshi kurash mavzusiga ham to‘xtatalar ekan, bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi, shu bilan birga, ayrim e'tirozlarini bildirib o‘tdi. 

“Diniy ekstremizmga qarshilik ko‘rsatish diniy yoki e'tiqod erkinligini ta'minlash asosida olib borilishi lozim. Ekstremizm zo‘ravonligiga qarshi kurashish yoki unga yo‘l qo‘ymaslik uchun din yoki e'tiqod erkinligini qurbon qilib bo‘lmaydi”, - deya qat'iy fikrini bildirdi Ahmad Shahid. Uning ogohlantirishicha, bu holat ayni vaqtda olib borilayotgan islohotlar uchun imkoniyatlarni qisqartirib yuboradi. 

Ahmad Shahid O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglikni e'tirof etar ekan, bag‘rikenglikdan diniy erkinlikka o‘tish vaqti kelganini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, diniy erkinlik deganda barcha din vakillariga o‘z diniy amallarini bajarishda teng imkoniyatlar taqdim etish nazarda tutiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: