XVJ: Venesuelada inflyatsiya 2300 foizdan oshadi

Iqtisodiyot 08:41 / 11.10.2017 6315

Lotin Amerikasining Venesuela mamlakati YaIM 2017 yil yakuni bo‘yicha 12 foizga qisqaradi. Pul qadrsizlanishi ya'ni inflyatsiya darajasi joriy yil oxirida qariyb 653 foizni tashkil etadi. 2018 yili bu ko‘rsatkich 2300 foizga yetadi, deyiladi Xalqaro Valyuta jamg‘armasining hisobotida

"Venesuelada siyosiy inqirozning kuchayishi iqtisodiy faollik uchun jiddiy xalaqit beradi. U taxminlarga ko‘ra, 2017 yilda 10 foizdan ko‘proqqa qisqaradi. Buning oqibatida neft qazib olish kamayadi va ishonchsizlik kuchayadi", – deyiladi XVJ hujjatida.
 
Venesuela Lotin Amerikasining boshqa davlatlari orasida iqtisodiy o‘sishning salbiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan va kelgusi yillarda bu jarayon saqlanib qoladigan yagona mamlakatdir. XVJning fikricha, umuman mintaqa iqtisodiyotining o‘sishi yiliga 1,2 foizni tashkil etadi. 2016 yili Venesueladan tashqari Braziliya, Argentina va Ekvadorda YaIM kamayishi kuzatilgan edi. Biroq 2017 yil va 2018 yilgi loyihalarda pasayish faqat Venesuelada kuzatilishi qayd etilmoqda. 

Jamg‘arma ekspertlarining fikricha, Venesueladagi inflyatsiya 2016 yil bilan qiyoslaganda 9 martadan ko‘proqqa 254 foizdan 2300 foizgacha o‘sadi. 

XVJ bahorda Venesueladagi iqtisodiy turg‘unlik mamlakatni yillik 720 foizlik inflyatsiyaga olib kelishini taxmin qilgan va 2018 yilda bu raqam 2068 foizni tashkil etishi mumkinligini aytgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: