Dunyo kezgan piyola: Choyxo‘r o‘zbekning sarguzashtlari​ 

Light 22:50 / 10.10.2017 52696

Chet elda yurgan o‘zbekistonlik milliy bayroq, ramz yoxud biron hamyurtini uchratib qolsa, xursand bo‘lib ketishi tabiiy. Bunday xush kayfiyat paydo bo‘lishi uchun xorijiy yurtga borib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarni bir «kezib» chiqqanda, vatandoshlarning muvaffaqiyati, ularning ijobiy qiyofada, turli darajada ko‘rinib turganining o‘zi kishini mamnun etadi. Kun.uz ana shunday xorijdagi yurtdoshlar haqida hikoyalarni taqdim etishda davom etib, bu gal Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Teazeal nomi bilan mashhur bo‘lib borayotgan Davron Alijonov yoki jahongashta choyxo‘r bilan suhbatlashdi.

«Men oddiy o‘zbek oilasida, Andijon shahrida dunyoga keldim. Boshlang‘ich va o‘rta ta'limni shu shaharda joylashgan ta'lim muassasalarida olganman. Menejyementga bo‘lgan qiziqishim ustunlik qilib, dastlab Yaponiyaga, so‘ngra ta'limni davom ettirish uchun Latviyaga jo‘nab ketdim. Iqtisodiyot va xalqaro menejment boshqaruvi bo‘yicha tahsil olgan o‘zbekistonlik bo‘lib, ayni paytda Fly Emirates havo yo‘llarida ekipaj a'zosi sifatida faoliyat olib bormoqdaman»​, deb so‘z boshladi Davronbek.

Fly Emirates'ga qanday kelib qoldim?

Yevropa va G‘arb ta'lim standartlarida bir ajoyib an'ana bugungacha saqlanib kelmoqda: bitirish arafasida talaba kasbiy karerasini barpo etish uchun o‘zi kurashadi. Ana shu jarayon «job hunting»​ yoki «ish ovi​» deb nomlanib, har bir yosh amaliy sinovlarni boshdan kechiradi. Mening tajribamda bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Negaki, avvaldan Emirates'da ishlashni niyat qilib qo‘yganim, hujjatlarni puxta tayyorlaganim va o‘zimni​ suhbatda a'lo daraja tutganim ish berdi. Natijada men kam sonli baxtiyor xodimlardan biri sifatida kompaniya a'zosiga aylandim.

Teazeal'ni yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldimi?

Loyihani amalga oshirishga turtki bo‘lgan voqea bu - yoshligimga borib taqaladi. Buvim bilan ko‘k choy ichib, nasihatini tinglashni yoqtirganman. Shu sababdan loyiha nomi (tea - choy, zeal - g‘ayrat) ham, undagi timsol ham milliyligimizga, oiladagi muhitda olgan tarbiyamga bog‘liq. Qolaversa, o‘zbeklar haqiqatan choyxo‘r, men esa do‘ppi kiyib, zamonaviy kishi sifatida tanilish mumkinligini isbotlamoqchi bo‘ldim. Samolyotimiz har doim yangi mamlakatlarga qo‘nganida notanish kishilar menga qiziqish bilan qaraydi. Bu bilan o‘zbekning dovrug‘ini faqat do‘ppi yoki piyolani ko‘rsatish bilan tarataman, deyishdan yiroqman. Kelgusida harakatlarimning yangi qirralarini kuzatishingiz mumkin.

Doimo xorijda bo‘lishning o‘ziga xos ijobiy va salbiy jihatlari bor...

Men uchun bu hayot nimanidir o‘rganish va bu to‘plangan tajribani qachonlardir O‘zbekistonga olib kirishdan iborat. Ammo, yaqin qarindoshlarimdan uzoqda, yoshlikdan birga o‘sgan do‘stlarimsiz chet elda ham zerikib, ularni qo‘msashni boshlayman. 

O‘zbekistonga tashrifim...

Toshkentdagi aeroportdan chiqib kelishim bilan yuragim qattiq urishni boshlaydi: go‘yoki baliq suvga tushganday erkin bo‘lib qolaman. Diydor shirin narsa ekanini to‘la his eta boshlayman. Xayrlashish esa qayg‘u aralash arazga aylanib qoladi. Lekin bir maqsad olg‘a intilishimga dalda beradi. U ham bo‘lsa, kelgusida milliy havo yo‘llarimizni rivojlantirish, unda xizmat ko‘rsatish sohasini jahon standarti darajasiga olib chiqish, buni uddalay olganimda esa oilam, do‘stlarimning men bilan faxrlanishi...

Quyida ushbu jahongashtaning sayohatlari davomida olingan suratlarni tomosha qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: