Rasman: «Obod» Oliy ligadan chetlatildi

Sport 16:50 / 06.10.2017 21353

Toshkentning «Obod» futbol klubi O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroiya Qo‘mitasining O‘FF bilan birga kelishilgan qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2017 yilgi O‘zbekiston chempionati qatnashchilari safidan chiqarildi.

Bugungi kunga kelib «Obod» futbol klubining O‘zPFL oldidagi qarzlari 112 mln so‘m (shundan 90 mln so‘m – a'zolik badali to‘lovi, 15 mln so‘m – O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan murabbiyni ro‘yxatga qo‘yish uchun to‘lov va 7 mln – jarima to‘lovlari)ni tashkil etadi. O‘zbekiston klublarini litsenziyalash bo‘yicha reglamentga muvofiq klubni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi ma'lumotnoma O‘zPFLga taqdim etilmaganligi natijasida ushbu jamoa nimaning hisobiga moliyalashtirilishi haqidagi masala tushunarsizligicha qolaverdi.

«Obod» futbol klubi, shuningdek, reglament talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramasdan litsenziyalash bo‘yicha birorta ham hujjatni rasmiylashtirmadi.

Shu bilan birga, Oliy liganing 20-turi doirasidagi «Obod» – «So‘g‘diyona» (2:4) va 22-turidan o‘rin olgan «Obod» – «Nasaf» (0:6) o‘yinlarida qayd etilgan natijalar shubhali ekanligi aytilgan «Federbet» xalqaro notijorat federatsiyasining O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga yozgan xati ham O‘zPFL Ijroqo‘mining yakuniy qaror qabul qilishida asos bo‘lib xizmat qildi.

Musobaqalar reglamentining 4.26 bandiga asosan «Obod» futbol klubi taqvimdagi o‘yinlarning yarimidan ko‘pini o‘tkazib bo‘lganligi munosabati bilan qolgan o‘yinlarda jamoaga texnik mag‘lubiyat, uning raqiblariga esa texnik g‘alaba yoziladi. O‘tgan o‘yinlardagi ogohlantirish va chetlatishlar o‘z kuchida qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilganidek, «Obod» futbol klubida o‘z xodimlari va futbolchilari oldidagi mehnat shartnomalari bo‘yicha qarzlarni uzish va soliq to‘lovlarini to‘lash majburiyati saqlanib qoladi. Jamoa xodimlari va futbolchilariga esa boshqa futbol klublari qaydnomasiga musobaqalar reglamenti asosida ro‘yxatga kiritilish uchun ruxsat beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: