Vazirlar Mahkamasining 30.09.2017 yildagi 778-son qarori bilan Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Qimmatbaho metallar qanday realizatsiya qilinadi
Qimmatbaho metallarni (oltin, kumush) sotib olish uchun zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari banklarga buyurtmanomalarni topshiradi. Buyurtmanomada ularning zarur hajmi ko‘rsatilishi kerak (kamida 100 gr).
Bank «Lisenziya» (www.license.uz) axborot tizimi orqali arizachining zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun litsenziyasi mavjudligini tekshiradi va buyurtmanomani alohida ro‘yxatga olish daftarida ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Arizachi qimmatbaho metallarning buyurtmanomada qayd etilgan miqdorini sotib olish uchun zarur mablag‘larni bankda deponentga o‘tkazadi.
Shundan keyin bosh banklar (har oyning birinchi va/yoki uchinchi seshanba kunlari soat 12:00 ga qadar) Markaziy bankka va Qimmatbaho metallar agentligiga shakllantirilgan yig‘ma buyurtmanomalarni taqdim etadi. Bunga javoban MB bosh bankka hisobvaraq-faktura taqdim etadi, bank 2 ish kuni ichida to‘lovni amalga oshirishi kerak.
To‘lovni qabul qilgach, MB tegishli vazndagi qimmatbaho metallar plastinalarini bosh bankka berish haqida Agentlikka topshiriq beradi. Agentlikdan plastinalar olingan sanadan e'tiboran 5 ish kuni ichida ular zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga beriladi.
Markaziy bank va bosh banklar, shuningdek banklar va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalar alohida shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Narx qanday belgilanadi
Plastina shaklidagi vazni 100 grammdan boshlanadigan qimmatbaho metallar to‘liq oldindan haq to‘lash sharti bilan milliy valyutaga sotiladi. Sof og‘irligiga qayta hisoblangan oltin va kumush qiymati, shuningdek bankda deponentlanadigan mablag‘lar summasi hisob-kitobi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksingi va bank tomonidan MBga berilgan buyurtmanoma sanasida amal qilgan MB kursi asosida amalga oshiriladi.
Deponentlangan mablag‘lar summasi yetarli bo‘lmagan buyurtmanomalar bekor qilinadi. Shu bois, bank talabiga ko‘ra plastinalarning aniq vaznidan kelib chiqib hisoblangan, MB tomonidan taqdim etilgan to‘lov uchun hisobvaraq-faktura asosida ushbu summa to‘ldirilishi kerak. Shuningdek, deponentlanadigan mablag‘lar summasiga quyidagilar kiradi:
• bank marjasi – realizatsiya qilinadigan qimmatbaho metallar qiymatining 1%i miqdorida;
• MBga to‘lanadigan komissiya haqi – realizatsiya qilingan qimmatbaho metallar qiymatining 1%i miqdorida.
Qimmatbaho metallar keyinchalik qayta sotish huquqisiz realizatsiya qilinadi. Faqat zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat to‘xtatilganda, Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligini xabardor qilgan holda, ularni boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchiga realizatsiya qilish mumkin.
Nizom 1.10.2017 yildan amalga kiritildi.