Bugun, 3 oktabr kuni poytaxtda O‘zbekiston-Rossiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama strategik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada kengaytirilishiga e'tibor qaratildi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar almashinuvi 4,2 milliard dollarga teng bo‘ldi. Oxirgi sakkiz oyda esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 15,6 foizga o‘sdi. Bu yo‘nalishda faol ishlar olib borilmoqda.
Investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham katta hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek to‘qimachilik sohasidagi aloqalar ancha jadal rivojlanib, 22 foizga oshgani qayd etildi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, neft-kimyo sohalarida ham faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani ta'kidlandi.
Tadbirda Rossiyaning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik samarali rivojlanayotgani ma'lum qilindi. Metallurgiya va qurilish materiallari sohasida katta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.