Kriptovalyuta birjalarining ishiga ruxsat Yaponiyani bozor yetakchisiga aylantiradi

Iqtisodiyot 21:00 / 03.10.2017 8767

Xitoy kriptovalyutalarga yuz o‘girgan bir paytda Yaponiya tartibga soluvchi organining ruxsati kunchiqar yurtning bitkoinlar bozorida yetakchilikni o‘z qo‘liga olishi uchun zamin yaratadi, deb yozadi Insider.Pro.

Juma kuni Yaponiya moliyaviy xizmatlar agentligi (FSA) 11ta kompaniyani kriptovalyutalar birjasi operatori sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Tartibga soluvchi organ ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarga bir qator talablar joriy etgan, jumladan, ular sifatli IT-tizimga ega bo‘lishi, mijozlar hisob raqamini ajratishi, pul yuvilishining oldini olish uchun mijozlarning shaxsini aniqlashlari kerak bo‘ladi.

Bu qoidalardan maqsad — investorlarni firibgarlik va boshqa suiiste'molchiliklardan himoya qilish, bir vaqtning o‘zida moliyaviy texnologiyalar sohasida innovatsiyalarga keng yo‘l ochishdan iborat.

Boshqalar qatori, 800 ming foydalanuvchiga ega bitFler kriptovalyuta birjasi tartibga soluvchi organning ruxsatini olgan. Kompaniya bosh direktori Yuzo Kanoning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartiblovchi qoidalar Yaponiyani bitkoin-bozorning yetakchiligi pozitsiyasini mustahkamlaydi.

«Yaponiya bitkoinga bo‘lgan talabning oshishiga ham, kriptovalyutalar bilan bog‘liq xizmatlarning ko‘payishiga ham turtki berdi», — degan u.

Yaponiya birinchi marta raqamli valyutani qo‘llayotgani yo‘q. Aprel oyida mamlakatda bitkoinni qonuniy to‘lov vositasi sifatida tan oluvchi qonun qabul qilingan, ba'zi bir chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uni to‘lov uchun qabul qila boshlagan. O‘tgan haftada yapon banklari J-Coin deb nomlanuvchi o‘zlarining shaxsiy raqamli valyutasini chiqarish imkoniyatini o‘ylab ko‘rishayotgani ma'lum qilindi.

Yaponiyaning pozitsiyasi Xitoy qilayotgan ishlarga mutlaqo ters — u yerda tartibga soluvchi organ bozorni kasod qildi-qo‘ydi. Sentyabr oyi boshlarida tartibga soluvchi organlar ICOga nisbatan taqiq joriy etishdi, so‘ngra bir necha kriptovalyuta birjalari oy so‘ngiga borib savdolarga yakun yasashlarini e'lon qilishdi.

Sentyabr oyi boshlarida bitkoinning narxi tarixiy rekord darajaga yetdi — 5000 dollar, so‘ngra Xitoydan taralgan yangiliklar fonida uning narxi 2951 dollargacha quladi, biroq tezda 4000 dollargacha tiklandi.

Keskin qulashning sabablaridan biri Xitoyning bitkoin bozorining asosiy harakatga keltiruvchi kuchlaridan biri bo‘lganligidir. 2014 yil boshidan 2017 yilning yanvarigacha Xitoy bozorlariga jahon bo‘ylab bitkoin savdosining 90 foizi to‘g‘ri kelardi.

Endi esa savdo jahonning turli davlatlariga bo‘linib ketdi, CoinDesk ma'lumotlariga ko‘ra, yuanga nisbatan iyena va dollarga ko‘proq hajm to‘g‘ri kelmoqda.

Xitoydagi savdo hajmlari qisqarib bormoqda, birjalar yopila boshlagach, xitoylik iinvestorlar valyutani LocalBitcoin kabi peertopeer maydonchalarda yoki miobil ilovalar orqali oldi-sotdi qilishmoqda.

Yuanlarda baholangan bitkoin endi boshqa valyutalar bilan baholangan bitkoinga nisbatan diskont (chegirma) bilan sotilmoqda va bu ayrim investorlar uchun arbitraj imkoniyatini paydo qildi.

«Yaponiya va AQSh bitkoinning gullab-yashnashida Xitoyning keragi yo‘qligini isbotlab bo‘lishdi. Garchi bir qator davlatlar bitkoinni tan olishdan bosh tortayotgan bo‘lishsa-da, umumman olganda bozorda turli fikrlar kuzatilmoqda. Bu sanoat o‘ta mobil bo‘lib, gullab-yashnash uchun intiladi va eng barqaror yurisdiksiyalarda rivojlana boradi», — degan CNBC kanaliga CryptoCompare sayti asoschisi va ijrochi direktori Charlz Heyter.

Ko‘proq yangiliklar: