BAAda tamaki va energetik ichimliklarga 100 foizlik aksiz solig‘i joriy qilindi. Natijada bu mahsulotlarning narxi ikki barobarga qimmatlashgan, deb xabar bermoqda Arabian Business nashri.
Iyunda Fors ko‘rfazi davlatlaridan birinchi bo‘lib Saudiya Arabistoni tamaki mahsulotlari va energetik ichimliklarga 100 foizlik, gazli ichimliklarga esa 50 foizlik aksiz soliqlarini kiritgandi. Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi davlatlari qo‘shilgan qiymat solig‘ini kiritishga kelishib olishgandi. BAAda va Saudiya Arabistonida bu soliq keyingi yil yanvaridan kiritiladi.
Nashrning yozishicha, ayni vaqtda BAAdagi barcha do‘konlar ushbu mahsulotlarga narxlarni ko‘tarishgan. Qonunga ko‘ra, sotuvchilar mahsulotlarni qonun kuchga kirishidan avval olgan bo‘lsalar, uni avvalgi narxda sotishlari mumkin bo‘ladi.