O‘zbek diplomatiyasining yaqin kelajakdagi rejalari qanday?

O‘zbekiston 19:55 / 29.09.2017 19232

29 sentabr kuni Xalqaro Press-klubda "O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning AQShga tarixiy tashrifi yakunlari: o‘zbek diplomatiyasining yangi vazifalari" mavzuidagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlari vaziri Abdulaziz Komilov,   Senat qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utemboyev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniyar Sidikov, Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Abdul Ahad Xalikyar, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan elchixonalar, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

Sessiyada bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, BMT minbaridan so‘zlagan nutqi, shuningdek O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining ma'naviyat va ma'rifat masalalariga alohida e'tibor qaratayotgani qayd etildi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqanini ma'lum qildi. Shu o‘rinda bu hech qanday tashkilot emasligiga urg‘u berildi. Komilov bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ochiq-oydin fikr almashadigan maydoni ekanligi va bunday tajriba ilgari bo‘lmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Senat qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov

O‘z o‘rnida, Senat qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov TIV rahbarining so‘zlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Markaziy Osiyo mamlakatlari bir yoqadan bosh chiqarib ishlayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek u so‘nggi vaqtlarda Parlamentning o‘rni mustahkamlanib borayotganini ta'kidladi. Bundan tashqari, spiker BMT Bosh assambleyasida Orol dengizi muammosiga alohida e'tibor qaratilgani, endilikda bu muammo yechimi ustida jahon va parlament, xalqaro moliyaviy institutlar hamkorlikda ishlashini ma'lum qildi.

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen AQSh O‘zbekiston bilan barcha sohalarda keng qamrovli hamkorlikka umid qilayotganini bildirdi. Shuningdek Spratlen xonim Orol dengizi muammosiga to‘xtalib, u yerni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib qaytgani va bu nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning muammosi ekanini qayd etdi.

"O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridan turib Orol muammosini ko‘targani juda o‘rinli bo‘ldi. Umuman Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi", - deydi AQSh elchisi.

Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev

Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlik masalalari, bugungi kundagi muammolarga yangicha yondashuvlarning ahamiyati va yo‘l xaritalari masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l xaritalari hamkorlikni qaysi yo‘nalishda rivojlantirishni belgilab olishga yordam beradi, bu esa bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri.

"Odamlar kelib, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining birdamligini ko‘rishi juda muhim. Umuman olganda, 2017 yil Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tarixiy ahamiyatga ega yil bo‘ldi. Bu hamkorlikda yangi natijalarga erishishni boshlab beradigan yil bo‘ldi", - deydi Qozog‘iston elchisi.

Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniyar Sadikov

Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniyar Sadikov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi qirg‘iz xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lganini ta'kidladi. Tashrif doirasida ko‘p muammolarning yechimi topildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuni kecha ratifikatsiya qilingan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma tarixiy ahamiyatiga ko‘ra Qirg‘izistonning "Mangu do‘stlik" hujjati darajasiga teng.

"Qirg‘iz xalqi bu kunni juda uzoq kutgan edi, bu ikki birodar xalq uchun bayram bo‘ldi. Bugun ro‘y berayotgan voqealar va prezidentlarimizning irodalari hammasining o‘z o‘rniga tushishiga sabab bo‘ldi", - dedi elchi. Bundan tashqari, Daniyar Sadikov Qirg‘iziston prezidentining yaqin kunlarda, oktabr oyida O‘zbekistonga kelishini tasdiqladi.

Bundan avval KUN.UZ'da ushbu tashrifning 5-6 oktabrga rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qilingandi.

Sessiyaning asosiy qismdan so‘ng spikerlar ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Savol: Chet mamlakatlarga chiqib ketgan kadrlarni qaytarish masalasi haqida anchadan buyon gapirilmoqda, amalda qancha odamni qaytarishga muvaffaq bo‘lindi?

Bu borada aniq raqamlarlar belgilab qo‘yilmagan. Zero chet ellarda faoliyat yuritayotgan kadrlarni majburlab olib kelish yo‘q. Ularning o‘zida xohish bo‘lsagina, bu yerda ularga barcha qulayliklar yaratib beriladi. Lekin qandaydir kampaniya yoki rejalarda bular albatta qaytishi kerak degan narsa yo‘q. Xorijdagi kadrlarimiz u yerda o‘z ishining ustasi bo‘lsa, ular ikki mamlakat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab, mamlakatlar manfaati yo‘lida xizmat qilishi mumkin.

Davlat rahbari AQShga tashrifi doirasida chet ellik kadrlar va yoshlar bilan uchrashdi. Ta'kidlash joizki, ularning ko‘pchiligi farzandlari bilan o‘sha yerda yashaydi. Tabiiyki, ular boshqacha muhitda tarbiya topgani bois bu yerda qiynalishlari mumkin. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan xabar topib, o‘qishni tugatgach, bu yerga qaytib ishlash istagini bildirgan yoshlar ham bor.

O‘zbekiston Prezidentining AQShga davlat tashrifi kutilyaptimi, agar kutilayotgan bo‘lsa, qachon?

AQShga davlat tashrifi rejada bor, albatta, biroq bu borada hali katta tayyorgarlik yo‘q. Bu yerda eng asosiy masala - kun tartibida - shu masalalarni oxiriga yetkazish kerak. Aloqalarni muayyan darajaga yetkazishimiz kerak. Kun tartibi tayyor bo‘lganidan keyin albatta tashrif amalga oshiriladi, biroq yaqin orada bunday reja yo‘q.

Afg‘onistonning prezidenti yil oxirigacha O‘zbekistonga kelishi kutilyaptimi va bunda kun tartibi qanday bo‘ladi?

Afg‘oniston prezidenti, janob Ashraf G‘aniyning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi kutilyapti. Aniq sanalar hali belgilanmagan. Eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik, shuningdek O‘zbekiston transport-kommunikatsiya sohasida bir necha loyihalarni amalga oshirishi kutilmoqda. Afg‘oniston muammo emas, balki umumiy mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlikni qayta tiklash jarayonlarining bir qismi bo‘lishi kerak ekanligi ta'kidlandi.

 

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjini yaxshilash uchun yana qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan?

Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni yaxshilash rejada bor. Noyabr oyida bo‘ladigan xalqaro anjumanga YeI vakillari keladi, jumladan Yevroittifoq TIV rahbari Mogerini xonimning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Ular bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘ladi va kun tartibida Yevropa mamlakatlari rahbarlaridan Prezidentimiz nomiga  qator takliflar kelib tushgan, shular ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, yaqin orada Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrif uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Yevropada Fransiya-Germaniya trendi bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda O‘zbekiston-Qozog‘iston tandemi tuzilishi mumkinmi?

Hech qanday tandemlar yoki tashkilotlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Faqat o‘zaro maslahatlashuvlar bor. To‘g‘ri, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘istonning ta'siri ko‘proq bo‘lishi mumkin, zero mamlakatlarimizning pozitsiyalari ko‘p jihatdan o‘xshash. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlarning barchasi bilan teng aloqalar o‘rnatadi.

Bundan tashqari, tadbirda Afg‘oniston bilan hamkorlik masalalari haqida so‘z yuritildi. Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston transport-kommunikatsiya, milliy kadrlarni tayyorlash, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda Afg‘onistonga yordam berishga tayyor ekanini bildirgan. O‘zbekiston o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda, Afg‘onistondan tashrif buyurishi kutilayotgan o‘qituvchi va pedagoglarning temir yo‘l-transport tizimida ta'lim olishini ta'minlaydi.

Shuningdek TIV rahbari Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari ko‘p jihatdan mushtarak ekani, lekin shunga qaramay ba'zi umummintaqaviy muammolarni hal qilish uchun muayyan vaqt kerak bo‘lishini qayd etdi. Qandaydir jiddiy yechimini topmagan masalalarni hal qilish uchun esa muhokamalar maydonini kengaytirish kerak.

 

Xulosalar:

1. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazadi.

2. Yaqin kunlarda Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

3. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya va Yaponiya mamlakatlariga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

4. Noyabr oyida Yevroittifoq TIV rahbari Mogerini xonim va YeIning boshqa vakillarining O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

5. Yil oxiriga qadar Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniyning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda.

6. Temir yo‘l-transport tizimida ta'lim olish maqsadida afg‘onistonlik o‘qituvchi va pedagoglar O‘zbekistonga tashrif buyurishadi.

7. Orol dengizi muammosining yechimi ustida jahon va parlament, xalqaro moliyaviy institutlar hamkorlikda ishlaydi.

Sessiya davomida barcha spikerlar bir so‘zni ko‘p qo‘llashdi - tarixiy yil, tarixiy tashrif, tarixiy voqealar va h.k. Umid qilamizki, tarixiy hodisalarning aynan "Xalq bilan muloqot" yilida amalga oshishi bejiz emas, zero 2017 yil O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda, aholining yechimini kutayotgan muammolari tinglanmoqda va imkon qadar hal qilinmoqda. Bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarga jahon ommaviy axborot vositalarining qiziqishi ham o‘zgacha. Bu borada KUN.UZ'da xorij nashrlarida chop etilgan qator maqolalar ham taqdim etib borilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlarining bugungidek mushtarakligi va do‘stona munosabatlarga yo‘nalganligi esa mintaqaning jahon sahnidagi o‘rnini mustahkamlashi shubhasiz.

Ko‘proq yangiliklar: