Siri ovozli yordamchisining yaratuvchilaridan biri Adam Chayyer yaqin o‘n yilda kompyuter texnologiyalarining rivoji borasidagi taxminlari bilan bo‘lishdi, deb yozadi Venturebeat. Uning fikricha, kelgusi o‘n yillikning asosiy trendi - ovozli interfeyslar va assistentlar bo‘ladi.
Devayslarni ovozli boshqarish sohasidagi muhim loyihalar Chayyer va uning sheriklariga tegishli. 2010 yilda ular tomonidan ishlab chiqilgan Siri assistenti Apple kompaniyasi tomonidan xarid qilindi. Shundan keyin ular boshqa bir assistentni ishlab chiqish uchun yana birlashishdi - bu Viv Labs kompaniyasining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. 2012 yilda esa, Samsung kompaniyasi uni 215 million dollarga xarid qildi, chunki u ham xuddi Apple kabi ovozli yordamchini o‘z qurilmalariga integratsiyalashga qaror qilgan.
Chayyer falsafasiga ko‘ra, har 10 yilda kompyuter va gadjyetlar olamida yangi eng asosiy va kelajakni belgilab beruvchi trendlar paydo bo‘ladi. 1980-yillarda bu personal kompyuterlar bo‘lgan, 1990-yillarda internet paydo bo‘la boshlagan, 2007 yilda smartfon qiyofasini belgilab bergan iPhone namoyon bo‘ldi. Kompyuter texnikasining kelgusi 10 yilini belgilab beruvchi asosiy trend - tabiiy ovozli muloqot bo‘ladi, deb hisoblaydi Chayyer. Uning fikricha, insoniyat bunga tayyor, buning uchun barcha zarur texnologiyalar esa ishlab chiqilgan va tadbiq etilishini kutmoqda.
Chayyerning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda qaysidir jihatdan texnologiya bilan bog‘liq har qanday rivojlangan biznes bu texnologiyaning rivoji uchun millionlab dollar sarflamoqda. Bularning bari yaqin o‘n yilda insonning mashinalar bilan muloqot qilishini yengillashtiruvchi shart-sharoitlarni shakllantiradi, ya'ni endi mashina insonga to‘liq moslashadi, inson mashinaga emas. U vaziyatni internet bilan bog‘liq shart-sharoitlarga taqqoslaydi: bir paytlar saytlar ko‘rimsiz bo‘lgan, biroq ular juda tez rivojlanib, hayotning bir qismiga aylanishga ulgurdi. Ovozli yordamchilar bilan ham xuddi shunday.