JPMorgan Chase banki merosni noto‘g‘ri taqsimlaganlik uchun American Airlines'ning marhum menejyeri bevasi va farzandlariga 4 milliard dollardan 8 milliard dollargacha jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. Dallas meros ishlari sudi shunday qaror chiqardi. Dallas News'da xabar berilishicha, qaror appelyatsiya natijasida bekor qilinishi mumkin yoki uning hajmi sezilarli darajada kamaytiriladi.
Gap vasiyat yozmay, hayotdan ko‘z yumgan Maks Xopperning merosi haqida ketmoqda. Uning turmush o‘rtog‘i Jo Xopper va farzandlari 2010 yilda marhumning 19 million dollarlik mulkini merosxo‘rlar orasida taqsimlash uchun JPMorgan'ni yollagan edi.
Hakamlar hay'ati bankni firibgarlikda, fidutsiar majburiyatlar va komissiya to‘g‘risidagi kelishuvni buzishda aybdor deb topdi.
Merosxo‘rlarga san'at asarlari, mebel, zargarlik buyumlari, 6,7 ming golf tayoqlari va 900 shisha vino kabi aktivlarga huquqni berish uchun bankka bir necha yil kerak bo‘ldi, deyiladi oila yuristlarining bayonotida. Bundan tashqari, JPMorgan'ning mas'uliyatsizligi tufayli aksiyalar opsionlarining muddati o‘tib ketgan, bank xodimlari esa Jo Xopperning muayyan aksiyalarni sotish iltimosini rad etishgan.
Jo Xopperning advokatlari bank ko‘lamining kattaligi va bahosini inobatga olgan holda hakamlar hay'atidan 2 milliard dollar miqdoridagi zararni qoplash majburiyatini yuklashni so‘rashgan. JPMorgan aktivlar hajmiga ko‘ra, AQShning eng yirik banki hisoblanadi. Uning 2017 yil II chorakdagi sof daromadi 7 milliard dollarni tashkil qildi, kapitalizatsiyasi esa 330 milliard dollardan oshadi.