«LUKOYL» O‘zbekistonda 2022 yilga qadar loyihalarga 3 milliard dollarlik investitsiya kiritadi

Iqtisodiyot 10:11 / 25.09.2017 12825

Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi 2022 yilgacha O‘zbekistonda loyihalarga uch milliard dollarlik investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi kompaniya rahbari Vagit Alekperov jurnalistlarga.

U Qandim va Hisorda joylashgan barcha obektlarni to‘liq rivojlantirish uchun kompaniya qo‘shimcha 3 milliard dollar sarmoya kiritishi kerakligini ta'kidladi.

Vagit Alekperovning ta'kidlashicha, ushbu investitsion sikldan so‘ng «LUKOYL» O‘zbekistondagi yangi loyihalarga sarmoya kirita oladi.

«LUKOYL» rahbari O‘zbekiston Prezidenti investitsion sikldan so‘ng yangi loyihalarni tayyorlash vazifasini topshirganini ta'kidladi. «2021-2022 yillarda biz investitsion siklimizni tugatamiz va keyingi loyihalar bo‘yicha ish olib boramiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Alekperovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil oxirigacha LUKOYL’ning O‘zbekistondagi loyihalarga kiritgan sarmoyasi umumiy qiymati 6 milliard dollarga yetadi.

«LUKOYL» O‘zbekistonda gaz qazib chiqarishni 2020 yilgacha 16 milliard kub metrga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shulardan 8 milliard kubometr Qandim, 5 milliard kubometr Hisor va 3 milliard kubometr gaz Xauzak hisobidan amalga oshiriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: