Hokim talaba, o‘qituvchi va shifokorlarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilishni jinoyat deb atadi

O‘zbekiston 12:05 / 24.09.2017 90710

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat faollari bilan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda paxta mavsumi yuzasidan viloyat aholisiga murojaat qilar ekan, byudjyet sohasi xodimlari va talabalarni paxtaga majburiy chiqarish jinoyat ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Hokimning majlisda aytgan so‘zlari videosi va audiosi ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalgan.

«O‘tgan yili biz paxtaning bir kilosiga 230 so‘mdan pul to‘laganmiz. Bu yil 410 so‘mdan terimchilar dalaning o‘zida xohlashsa bir kunlik, xohlashsa besh kunlik 10 minglik va 50 ming so‘mlik, beli sinmagan yangi kupyuralarda naqd to‘lab beriladi. Men viloyat rahbari sifatida bunga va'da beraman», degan Sh.Abdurahmonov majlisda.

«Ikkinchi masala — terimchilarning dalada tushlik masalasi. Biz fermerlarga hisob-kitob qildirib, jamiki mahsuloti — qo‘ylargacha oldirdik. Tushlikda go‘shtli tekin ovqat tashkil etiladi. Yotoqqa boradiganlarga ertalabki nonushtasi va kechki ovqatini ham o‘zimiz qilib beradigan bo‘lyapmiz. Yoki uyida yosh bolasi bor ayollarni olaylik.

«Bolam bor-da, bo‘lmasa chiqib terardim», deydigan ayollarimiz, opajonlarimiz, qizlarimiz terimga chiqishsa, farzandlarini bolalar bog‘chasiga joylashtirib, bog‘cha pulini ham fermer hisobidan bir oylik vznosini (70 ming so‘m) ham to‘latib beramiz».

«Biz ularning ko‘ngilli dam olishlari uchun konsertlar, terim vaqtida ularga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida savdo yarmarkalarini ham tashkil qilib beramiz», degan viloyat hokimi.

Hokim taklifiga ko‘ra, hududlar bo‘yicha ishsiz yurgan fuqarolar mutasaddilar tomonidan eshikma-eshik ro‘yxatga olinib, paxta dalasida ishga taklif qilinadi.

«Fidoyi yoshlar otryadi» bo‘yicha gapirar ekan, Sh.Abdurahmonov mahallada ishsiz yurgan, uyushmagan yoshlarni paxtaga jalb qilish, jonbozlik ko‘rsatganlarga navbatsiz arzonlashtirilgan namunali uylardan berilishini e'lon qildi. Shunday yoshlarga imtiyozli kredit asosida chorva va parrandachilik hayvonlari olib beriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, ular terim vaqtida turli sovg‘a-salomlar bilan rag‘batlantirib boriladi.

«Ikkinchi shtab» deb nom olgan shtabga murojaat qilar ekan, hokim: «Hurmatli imom-domlalarimiz, otinoyilarimiz, hurmatli maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari, kollej direktorlari, QVP mudirlari! Rahmat, sizlar ishlaringizni qilaveringlar, lekin birinchi rahbarlar mahallada eshikma-eshik, uyma-uy yurib, terimga odam jalb qilish bo‘yicha hammalaringiz guruh bo‘lib yurasizlar», dedi.

Hokim ishsiz yurganlar paxtada o‘zini ko‘rsatsa, kelajakda viloyat hokimligi tomonidan kafolatlangan ish o‘rni bilan ta'minlanishini ma'lum qildi. U shuningdek, bunday fuqarolarga turli tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar olib berilishini va'da qilgan.

Viloyat hokimi murojaati davomida shunday degan: «Bugundan boshlab Andijon viloyati bo‘yicha 18 yoshga to‘lmagan bolalar, byudjyet tashkilot xodimlari — asosan, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, tibbiyot xodimlari — vrachlar, hamshiralar, o‘rta-maxsus bilim yurtlari va kollejlar o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shuningdek, oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari va talabalari  — birortasi dalaga chiqishi bu jinoyat hisoblanadi! Qaysi tumanda, qaysi sektor hududida sanab o‘tilgan mana shu toifadagi insonlar dalada paxta tergani aniqlangudek bo‘lsa, rahbarga nisbatan, nafaqat lavozimidan olib tashlash, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi bo‘yicha ogohlantiraman».

Ko‘proq yangiliklar: