O‘tgan haftada BMT Xavfsizlik kengashi AQSh tomonidan tayyorlangan, Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi, deb yozadi Insider.Pro.
CNN ma'lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar mamlakatga neft importini cheklaydi, tekstil eksportini taqiqlaydi, xorijiy ishchilar bilan qo‘shimcha shartnomalarni tugatish va boshqa mamlakatlar bilan ochilgan qo‘shma korxonalar ishini to‘xtatishni, kontrabandaning oldini olishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning hukumat tuzilmalari ham sanksiya ta'siri ostida qoladi.
Ilgariroq Xitoy ushbu davlatdan temir rudasi, temir, qo‘rg‘oshin, ko‘mir va dengiz mahsulotlari importini taqiqlaganini e'lon qilgandi.
BMT xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaga iqtisodiy bosim uyushtirishga urinayotgani bois, sanksiya ostida qolgan sohalar nechog‘lik ulkan ekanligini anglash kerak bo‘ladi. Bu haqda faqat savdo-sotiq ma'lumotlarini tahlil qilibgina tushuncha hosil qilish mumkin.
Observatory of Economic Complexity — Massachusets texnologik institut tuzilmalaridan birida yaratilgan ma'lumotlar vizualizatsiyasi loyihasi xodimlari BMTning xalqaro savdo-sotiq va Devisdagi Kaliforniya universitetining xalqaro savdo-sotiq Markazi ma'lumotlariga asoslanib, Shimoliy Koreyaning 2015 yil eksport va import ma'lumotlari vizualizatsiyasini ishlab chiqishdi.
2015 yilda Shimoliy Koreya eksportida eng katta ulush ko‘mir briketlarga tegishli bo‘lgan, undan so‘ng kiyim-kechaklar, jumladan, palto va kostyumlar kelmoqda. Metallardan temir va mis, shuningdek, dengiz mahsulotlaridan krablar va chig‘anoqlar kabilar eksport tuzilmasida muhim o‘rin tutadi.
Import tuzilmasi sezilarli darajada farqlanadi. Bu yerda neft mahsulotlari va sintetik matolardan tayyorlangan buyumlar ulushi katta.
Garchi Shimoliy Koreya dunyodagi eng jangari davlatlardan biri hisoblansada, import va eksport tuzilmasida qurol-yarog‘ hajmi juda kichik ekanligini alohida qayd etmoq joiz. Chunonchi, 2015 yilda eksport qilingan qurol-yarog‘lar qiymati bor-yo‘g‘i 223 ming dollarga teng bo‘lgan, import esa 48,3 ming dollarlik bo‘lgan.
Shimoliy Koreyada asosan Xitoy biznes bilan shug‘ullanadi. OEC va Statista ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda ushbu davlat Shimoliy Koreyaning eng yirik tashqi savdo hamkori bo‘lgan, boshqa davlatlarga esa tashqi savdo aylanmasining sanoqli foizlari to‘g‘ri keladi.