AQSh 20 trillion dollarlik davlat qarzini qanday qilib to‘pladi - barchasi grafiklarda

Iqtisodiyot 18:46 / 20.09.2017 33008

Urushlar, soliqlarning keng miqyosda qisqartirilishi va iqtisodiy stimullashtirish dasturlari AQSh milliy qarzining nihoyatda ko‘payishiga olib keldi, deb yozadi Insider.Pro

AQSh davlat qarzi tarixda ilk bor 20 trillion dollardan oshdi. 8 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp davlat qarzi yuqori chegarasini vaqtinchalik oshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzolagan, deb xabar beradi Business Insider. O‘sha kuniyoq davlat qarzi hajmi 20,162 trillion dollarga yetgan.

Foto: Business Insider

Tarixning guvohlik berishicha, milliy xarajatlarning oshishida Amerikaning har ikki partiyasi aybdor. Ko‘p yillardan buyon vaziyat urushlar, soliqlarning qisqartirilishi va rag‘batlantirish dasturlari vositasida vaziyat yanada keskinlashtirilib kelingan.

Bu Amerika tarixining davlat tashqi qarziga sezilarli ta'sir o‘tkazgan asosiy voqealari va uning yaqin kelajakdagi ehtimolli dinamikasi.

1981 yilning avgustida mamlakatda iqtisodiy tanazzul ro‘y berishining avvalida prezident Reygan soliqlarni keskin qisqartirish haqida qonunni imzolaydi. Reygan tarafdorlari bu qonun iqtisodiyot va fond bozorini qo‘llab-quvvatlaganini aytadi, biroq buning o‘ziga yarasha minuslari ham bor edi: byudjyetga pul tushumi kamayib ketgan edi. AQSh Moliya vazirligi tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, ushbu qonun qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan dastlabki to‘rt yilda federal byudjyetga tushumlar (zamonaviy kurs bo‘yicha) yiliga 118 milliard dollarga qisqargan.

2001 va 2003 yillarda kichik Jorj Bush ham soliq islohoti haqidagi qonunlarni imzolaydi. Jismoniy shaxslarning daromadlari, kapitalning o‘sishi va dividentlarga soliq stavkalari kamaytiriladi. Jadval har bir qonunning byudjyetga tushumlarning qisqarishidagi rolini ko‘rsatib turibdi. 2010 yilda Barak Obama soliqlarni ayirib tashlash haqidagi qonunning amal qilish muddatini yana ikki yilga uzaytiradi, biroq 2012 yilda ularning aksariyatini doimiy qilib qo‘yadi. Byudjyetga doir va siyosiy ustuvorliklar markazi maslahatchisining fikriga ko‘ra, Bush tomonidan qabul qilingan qonunlar tufayli 2017-moliya yilida foizlari bilan hisoblanganda davlat xazinasi 5 trillion dollardan quruq qolgan.

11 sentabr teraktlaridan so‘ng urushni boshlagan AQSh Afg‘oniston va Iroqdagi janglarda katta pul sarflagan. Keti Raffingning so‘zlariga ko‘ra, urushlar byudjyetga foizlari bilan hisoblanganda 2 trillion dollarga tushgan.

Buyuk retsessiya 2007 yilning dekabrida boshlangan va bir yarim yilga cho‘zilgan. Bunga AQSh ko‘chmas mulk bozorining kasodga uchrashi sabab bo‘lgan. Tanazzul Bush va Obama prezidentlik davrini chulg‘ab olib, byudjyet kamomadining jiddiy oshishiga sabab bo‘lgan — iqtisodiyotda paydo bo‘layotgan muammolarga hukumat banklarni qutqarib qolish va iqtisodiyotni rag‘batlantirish dasturi bilan javob bergan. 2009 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda byudjyet kamomadi 1 trillion dollardan oshgan.

2009 yilning fevralida, hali mamlakat Buyuk retsessiya iskanjasidan qutula olmay turgan bir paytda, Barak Obama iqtisodiyotni qayta tiklash va qayta investitsiyalash haqidagi qonunni imzolaydi. Soliqlarni qisqartirishga qo‘shimcha tarzda, yuzlab milliard dollar mablag‘ni ishsizlarni qo‘llab-quvvatlash va infrastruktura loyihalariga yo‘naltirish mo‘ljallangan. Obama o‘shanda bu qonun “iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish yo‘lidagi muhim qadam” bo‘lishini ta'kidlagandi, biroq respublikachilar uni davlat mablag‘larini behudaga sovurish, deb baholashgan.

Avvaliga 787 milliard dollar sarflash ko‘zda tutilgan edi, biroq 2015 yilda Kongressning byudjyet boshqarmasi xarajatlarni 836 milliard deya baholagan. Federal byudjyet shakllantirilishi mas'ul qo‘mitaning hisob-kitoblariga ko‘ra, foizlari bilan hisoblanganda Amerika g‘aznasi hammasi bo‘lib 1 trillion dollardan quruq qolgan.

Taxminlarga ko‘ra, kamomad osha boradi, chunki AQSh qariyotgan aholi uchun dasturlarga borgan sari ko‘proq pul sarflamoqda. Kongressning byudjyet boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, amaldagi qonunlar saqlanib qolinadigan bo‘lsa — prezident Donald Tramp hamda respublikachilar qo‘lidagi Kongress qo‘l qovushtirib o‘tirsa — 2047 yilga borib davlat tashqi qarzi hozirgi vaqtdagi darajadan — YaIMning 77 foizidan 150 foizigacha ko‘tariladi.

Tramp ham kamomadni oshirishga xizmat qiladigan, yirik soliq ayirmalari va mudofaa xarajatlarini oshirish kabi bir qancha dasturlarni e'lon qilmoqda. Bundan tashqari, u sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya dasturlarini o‘zgarishsiz qoldirishga va'da bergan. Soliq siyosati markazining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp tomonidan tavsiya etilgan soliq siyosati so‘nggi 10 yil ichida davlat tashqi qarzining 7,2 trillion dollarga ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: