Markaziy bank O‘zbekiston banklar Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda so‘m plastik kartochkalari vositasida banklararo chakana savdo tizimida mijozlarga xizmat ko‘rsatishda tijorat banklari va nobank kredit tashkilotlari uchun tavsiya etilgan tarif rejasiga bir qator qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritdi, deb xabar qiladi Markaziy bank rasmiy sayti.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar davlatimiz rahbarining «Pul aylanmasi va bank plastik kartochkalari vositasida hisob-kitoblarni rivojlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori va «Valyuta siyosatini liberallashtirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni doirasida qabul qilingan. Yangi tarif rejasiga ko‘ra, yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar uchun to‘lov terminallarining ilgari 5 va 2,5 yevrogacha miqdorda bo‘lgan ijara to‘lovi endi so‘mga o‘tkazildi va mos ravishda 25 ming va 15 ming so‘mni tashkil etadi.
Oldingi tarif rejasiga ko‘ra jismoniy shaxslarga yo‘qotilgan yoki buzilgan plastik kartalar o‘rniga yangisi berilganida 5 yevro miqdorida to‘lov olinar edi, yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlardan olinadigan to‘lov miqdori 10 yevrogacha bo‘lardi. Endi bu xizmat uchun jismoniy shaxslardan 10 ming so‘m, yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlardan 15 ming so‘m olish tavsiya etilmoqda.
Ilgari yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar uchun korporativ plastik kartochka emissiya qilinganida tijorat banklari 5 yevrogacha bo‘lgan miqdorda komissiya haqi olar edi. Endi yangi tarif rejasi bo‘yicha ushbu xizmat uchun tavsiya etilgan miqdor 15 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Avvalgidek, jismoniy shaxslar uchun (oylik ish haqi, pensiya, stipendiya va oilaviy xarajatlar uchun) plastik kartochkalar emissiya qilinganida, shuningdek ularni qulflash yoki qulfdan yechish (jumladan, «stop-list» ro‘yxatiga qo‘shish) uchun to‘lov olinmaydi.
Tijorat banklari bank kartalari foydalanuvchilari tomonidan qiziqishni kuchaytirish uchun turli rag‘batlantiruvchi bonuslar, diskont va mukofotlash xizmatlarini joriy etish amaliyotini davom ettirishadi.