O‘zbekistonda superkompyuter qurilishi rejalashtirilmoqda

Fan-texnika 14:55 / 11.09.2017 20628

O‘zbekistonda yaqin yillarda superkompyuter paydo bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida chiqishi vaqtida shu haqda gapirib o‘tgan.

«Doimiy qo‘mitaning a'zo davlatlar hududida oltita Yuqori samarali kompyuter markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyasiga muvofiq, shunday markazlardan birini O‘zbekistonda joylashtirishga tayyor ekanimizni bildiramiz. Biz yosh olimlarga bilim va tajriba almashish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradigan Musulmon olami yosh olimlari xalqaro markazini tuzishni taklif etamiz», — degan davlat rahbari.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev IHT ishtirokchi davlatlarini zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishga e'tibor qaratishga chaqirdi. U ayni vaqtda musulmon davlatlari fan va texnologiyalar sohasida ortda qolayotganini tan olish lozimligini ta'kidlagan.

«Ayni vaqtda ko‘plab musulmon mamlakatlari ilm-fan va texnologiyalar sohasida rivojlangan davlatlardan sezilarli darajada orqada qolayotganini tan olish lozim. Masalan, a'zo davlatlarning faqatgina 11 ta oliy ta'lim muassasasi jahonning 500 ta eng yaxshi universiteti reytingidan o‘rin olgan, xolos. Yoki 2015 yilda dunyo bo‘yicha patent olish borasidagi murojaatlarda bu mamlakatlarning hissasi atigi biru o‘ndan to‘qqiz foizni tashkil etgan. Tashkilotga a'zo davlatlarda 2016 yilda e'lon qilingan ilmiy maqolalarning qariyb 80 foizi 7 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan», — deya qayd etgan Mirziyoyev.

Uning fikr bildirishicha, aksariyat musulmon mamlakatlari boy tabiiy zaxiralarga, katta moliyaviy salohiyatga ega bo‘lsa-da, iqtisodiyotga innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishda faollik ko‘rsata olmayapti.

«O‘ylaymanki, fundamental fan sohalarini rivojlantirish, davrning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar topishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish islom olamining ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Mirzo Ulug‘bekning astronomiya fani rivojidagi bebaho hissasini e'tiborga olib, Samarqand shahrida zamonaviy teleskop o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifni biz minnatdorlik bilan qabul qilamiz», degan O‘zbekiston prezidenti.

Mirziyoyev O‘zbekiston ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyalashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur, deb hisoblashini ma'lum qilgan.

«Doimiy qo‘mita homiyligida O‘zbekistonda Al-Xorazmiy xotirasiga bag‘ishlab, yosh matematiklar o‘rtasida Xalqaro olimpiadani tashkil etishni taklif qilamiz», — degan prezident.

Ko‘proq yangiliklar: