Qo‘l ostingizdagilar sizga «rahmat» aytishadigan 5 savol - Rahbarlarga maslahatlar

Light 09:55 / 07.09.2017 20560

Boshliqlar qo‘l ostidagi xodimlari bajarayotgan ishlaridan mazmun topa olishlari uchun ularga qanday yordam berishlari mumkin? Harvard Business Review yetakchilik va rahbarlar kommunikatsiyasi sohasidagi murabbiy Kristi Hejyesning tadqiqotlaridan parcha e'lon qildi.

Tashkilotlar korporativ qadriyatlarni shakllantirish uchun katta resurslarni sarflashadi, biroq ularning ichidagi eng ilhomlantiradiganlari — Volvo’ning xavfsizlikka sodiqligidan tortib, Facebook’ning insonlarni birlashtirishga intilishi ham kundalik mehnat ikir-chikirlarida o‘z tusini yo‘qotib, ikkinchi planga o‘tib ketadi.

Aslida, xodimlar o‘zlarini butkul ishga jalb qilingan his etishlari va undan qoniqish hosil qilishlari uchun maqsadni ich-ichidan sezishlari talab etiladi. 2016 yilda Deloitte kompaniyasi tadqiqot o‘tkazib aniqladiki, xodimlar o‘zlarining professional va shaxsiy maqsadlari, ya'ni o‘zlari uchun muhim bo‘lgan narsalarni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalarga sodiq bo‘lishar ekan. Garchi bu tadqiqot yoshi o‘tgan avlodga xos deyilayotgan bo‘lsa-da, 10 yildan beri tajribali rahbarlarni o‘qitish bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, bunday pozitsiya barcha avlodlar uchun xosdir. Lavozim, soha va kasb qanday bo‘lishidan qat'i nazar, barchamiz o‘zimiz bajarayogan ishda biror ma'ni bo‘lishini istaymiz.

Rahbarlar har bir xodimning hayoti yoki ishida aynan hozir nima muhim ekani haqidagi savolga javob beruvchi maqsadni ich-ichdan sezish tuyg‘usini oddiy suhbat bilan aniqlab, qo‘llab-quvvatlashlari mumkin. Bunday texnikalardan birini harakatlarni aniqlashtirish nazariyasi taklif etadi. Bu nazariyaga ko‘ra, har bir harakat uchun tavsiflab berishning ko‘plab darajalari mavjud. Masalan, men ayni damda ushbu maqolani yozayapman. Past darajada men harflarni klaviaturada terib o‘tiribman, yuqori darajada yanada samarali rahbarlarni tarbiyalayapman. Qachonki rahbarlar o‘z xodimlarini ana shunday zina bo‘ylab boshlar ekan, ular qo‘l ostidagilarga eng chigal masalalarda ham ma'ni topishda ko‘mak berishadi.

Xodimlariga o‘zini anglash va ichki maqsadini topishda ko‘maklashishning boshqa yo‘li — besh yo‘nalish bo‘yicha savollarni muntazam muhokama etishdir. Rahbarlar quyidagi savollarni berishlari mumkin.

Qaysi ishni yaxshi bajara olasiz? Qaysi ishchi funksiyalar sizdan kamroq kuch talab etadi? Hammadan ko‘ra yaxshi bajara olaman deb hisoblab, o‘zingizni qaysi vazifalarga ura olasiz? Professional faoliyatingizda qanday xizmatlaringiz alohida e'tirof etilgan? Sizning vazifangiz — insonlarga kuchli tomonini aniqlashda yordam berish va buning sharofati bilan ularga yangi imkoniyat eshiklarini ochib berish.

Sizga nima yoqadi? An'anaviy ish haftasining qaysi vazifalarini intizorlik bilan kutmoqdasiz? Ro‘yxatingizdan nima sizni energiya bilan boyitadi? Agar siz o‘zingiz cheklovlarsiz ishni belgilaganingizda vaqtni qanday o‘tkazgan bo‘lar edingiz? Bu savollar insonlarga ishda nimalarni sevishlarini tushunish yoki eslashga yordam beradi.

Sizga nima foydalidek ko‘rinadi? Ishingizning qaysi natijalari bilan ko‘proq faxrlanasiz? Vazifalaringizdan qay biri jamoa yoki tashkilot uchun muhimroq? Hayotingizdagi muhim ustuvorliklar nimalardan iborat va ular ish bilan qanday uyg‘unlashtiriladi? Bu savollar seriyasi muayyan ishning ichki qiymatini aniqlab beradi.

Nima sizni oldinga intiltiradi? Hozir o‘rganayotgan ko‘nikmalaringizdan qay birlarini kelajakda ishlatmoqchisiz? O‘zingizning keyingi qadamingizni qanday tasavvur etasiz? Bugungi ishingizni sizni qay tarzda istagingizdagiga yaqinlashtiradi? Bu savollar berilishidan maqsad — xodimlarga bugungi ishlari kelajakdagi maqsadlarga intilishda qanday yordam berishini ko‘rsatishdan iborat.

Boshqalarga nisbatan munosabatingiz? Hamkorlikning qay turi sizga ko‘proq to‘g‘ri keladi? Sizga ko‘proq yoqadigan hamkasblaringiz bilangina to‘la ofis qanday ko‘rinishga ega bo‘lardi? Ish sizning oilangiz va ijtimoiy aloqalaringizni qanday mustahkamlaydi? Bu savollar insonlarni ishga mazmun baxshida etadigan va ularni rivojlantiradigan munosabatlar haqida o‘ylashga majbur etadi.

Boshqalarni maqsad sari bir yo‘lda yo‘naltirib borish oson ish emas, lekin ushbu strategiyalarning sizga yordami tegishi aniq.

Ko‘proq yangiliklar: