Internet tarmog‘ida BMW kompaniyasining yangi yo‘ltanlamasidan darak beruvchi fotosuratlar paydo bo‘ldi. X7 Concept prototipining suratlari Bimmerpost nashri tomonidan namoyish qilindi. Uning rasmiy taqdimoti sentabr oyida Frankfurt avtosalonida bo‘lib o‘tadi.
Yangi mashina dizayni X5 modelini yodga soladi. Biroq X7 sezilarli darajada yirik bo‘ladi va 3 qator o‘rindiqlar joylanadi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, BMW X7 yanada hashamatliroq ko‘rinish kasb etadi. Masalan, ikki qatorli va alohida joylangan, har biri o‘z havo aylantirish va uqalash tizimiga ega bo‘luvchi 4 o‘rindiq bilan ham taklif etiladi.
7 o‘rinli krossover CLAR platformasida barpo etiladi. Yangi avlod 7-Series sedanlari ham ayni shu shassida quriladi. BMW krossoveri ayni modelning benzinli va dizelli dvigatellarini ham oladi. Xususan, eng kuchli V12 dvigateli, gibridli motor shular jumlasidan.
Krossover kontseptiga esa vodorodli motor o‘rnatiladi. Uning quvvati 245 ot kuchiga teng bo‘ladi. Bunda bir marta vodorod to‘ldirilganidan so‘ng 500 kmgacha masofani bosib o‘tish mumkin.
Qayd etish joizki, bu turdagi mashina faqat tajriba sifatida ishlab chiqiladi, bo‘lg‘usi X7 odatdagi kuch agregatlariga ega bo‘ladi. Uning seriyali namunasi kelasi yilda namoyish etiladi.
Bundan tashqari Frankfurt avtosalonida 3-Series sedanining elektrli namunasi taqdim etiladi. U Tesla Motors kompaniyasining eng arzon hisoblanuvchi Model 3 elektrokariga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. BMW firmasining yangi elektromobili yangi avlod «uchlik» shassisida quriladi. Bundan tashqari, CLAR platformasida ham barpo etiladi.