Honda Motor avtokonserni Takata kompaniyasining kamchilikka ega xavfsizlik yostiqchalaridan jabrlangan AQSh fuqarolari tomonidan da'vo arizalarini yopish uchun 605 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda avtomobil kompaniyasining o‘zi ma'lum qildi.
Takata xavfsizlik yostiqchalari bilan bog‘liq bo‘lgan sud da'volari bo‘yicha to‘lovlarning umumiy miqdori 1,2 mlrd dollardan oshib ketdi. Yaponiya va Germaniyadan bo‘lgan oltita avtomobil kompaniyasi yirik tovon pullarini to‘lashga rozi bo‘ldi – ular orasida Toyota Motor, Mazda Motor va BMW bor.
Takata bilan bog‘liq mojaro 2014 yilda boshlandi. AQSh hukumatining aniqlashicha, kompaniya tomonidan tayyorlangan xavfsizlik yostiqchalari nasosdagi kamchiliklar tufayli avtofalokat paytida juda katta kuch bilan ochilishi mumkin, bu esa avtomobilda bo‘lgan kishilar plastik hamda metall parchalaridan jarohatlanishi ehtimolini keltirib chiqaradi. Jahon bo‘ylab shunday hodisalar tufayli kamida 17 kishi halok bo‘lgan.