AQShning Sierra Nevada kompaniyasining Dream Chaser koinot yuk kemasi sinovdan o‘tkazildi.
Dream Chaser o‘lchamlari kichik kema bo‘lib, Xalqaro koinot stansiyasiga (XKS) yuklarni jo‘natishga mo‘ljallangan. Uning ilk parvozini Atlas 5 yoki Ariane 5 raketa-tashuvchilarida amalga oshirish, uni XKSga dum qismida joylashgan dok yordamida biriktirish rejalashtirilgan.
Dream Chaser’ning ilk versiyasi uchuvchisiz bo‘ladi, biroq kelgusida uning 7 kishini sig‘dira oladigan boshqariluvchi versiyasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Sierra Nevada kompaniyasi SpaceX va Orbital ATK kompaniyalari bilan birgalikda 2016 yilda XKSga 2024 yilgacha yuklarni tashish bo‘yicha NASA shartnomasini olgan. Shu sababli ushbu kemaning istiqboli borasida shubha qilmasa ham bo‘ladi. Biroq kemaning avvalgi sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlangandi: u qo‘nayotganda shassisining chap tayanchi chiqmay qolgan va buning oqibatida kemaga jiddiy zarar yetgan.
Bir qator yangi sinovlar AQSh harbiy-havo kuchlarining Edvards aviabazasida o‘tkazildi. Birinchi parvoz vaqtida kema havoga vertolyot yordamida ko‘tarilgan, so‘ngra o‘zi mustaqil ravishda qo‘ngan. Kema sinovining keyingi bosqichi 2017 yil oktabriga belgilangan. Undan to‘laqonli foydalanish esa 2020 yilga belgilangan.