Paynet to‘lov tizimining asoschisi O‘zbekistonda umumiy transport uchun avtomatik to‘lov tizimi foydalanishga topshirilish arafasida turganini ma'lum qildi. Tizimning tatbiq etilishi mamlakat byudjyetiga yiliga qariyb 35-40 mlrd. so‘m miqdorida tushum keltirishi kutilmoqda.
Avtomatik transport to‘lov tizimi (ATTZ) naqdsiz to‘lov ko‘rinishida amalga oshiriladi. Naqdsiz to‘lov tizimi, avvalambor, yo‘lovchilar qulayligi uchun yaratilgan. Bundan tashqari, yangi tizim yo‘lovchilar umumiy transporti sohasida ish olib boruvchi mutaxassislar uchun yo‘lovchilarning harakatlanishi, transport ishini mukammallashtirish va bir qator boshqa muhim masalalarga oid tahliliy ma'lumotlarni berish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, shahar infratuzilmasini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.
Yangi tizim Singapurning Technobiz Transpay kompaniyasi platformasi asosida ishlaydi. Uning ishlab chiqarilishida O‘zbekistonlik mutaxassislar faol ishtirok etgan. ANOR deb nom olgan mazkur loyiha davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ish yuritishning ushbu turi davlat tomonidan sarmoya ajratilishini ko‘zda tutmaydi, tizim uzra amalga oshirilayotgan barcha jarayonlar esa oshkor va xolisona olib boriladi. GPS va video kuzatuvi bilan jihozlangan ATTZning ishga tushirilishi davlat byudjyetidan sarf-xarajatlarni kamaytirishga, qulay tariflarni joriy etishga, hamda yo‘llardagi xavfsizlikni ta'minlashga olib keladi.
«Biz taklif qilayotgan ANOR tizimi umumiy transport korxonalarining foydasini hisobga olinmagan pul aylanmani yo‘q qilish evaziga yiliga kamida 35-40 mlrd. so‘mga oshiradi, - deydi platformani ishlab chiqargan kompaniya asoschisi Botir Arifjonov. – Yo‘lovchilarni kuzatish imkonini beruvchi avtomatik video-tahlil tizimi umumiy transportdagi xavfsizlik choralarini oshiribgina qolmay, har bir yo‘lovchi haqida ma'lumotlarni tahlil qilishga yordam beradi. Yangi tizim haydovchilar oldiga qo‘yilgan kundalik tushum kabi foydasiz talabning yo‘q qilinishiga olib keladi. Barcha umumiy transport vositalarida o‘rnatilajak validatorlar hamda osonlashtirilgan to‘lov tizimi poytaxtimiz aholisi va chet ellik mehmonlar uchun qator qulayliklar yaratadi. O‘zbekiston dunyo ahli uchun yoqimli sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanar ekan, ushbu yangi tizimning paydo bo‘lishi vaqt taqozosi ekanligiga ishonaman».
ANOR to‘lov yechimining joriy etilishi transport to‘lov kartochkalari qalbakilashtirilishining oldini oladi, yo‘lovchilar toifasi, marshrut yo‘nalishlari, kun vaqti va soatiga ko‘ra maxsus dasturlarni ishlab chiqarib, imtiyozli yo‘lovchilar uchun alohida yechimlar taqdim etishga yordam beradi.
Yo‘lovchilar uchun ikki xil transport kartalari taklif etiladi: qog‘ozli bir marotaba kodlangan kartalar va ko‘p marotaba ishlatilishi ko‘zda tutilgan plastik kartalar. Talabalar, o‘quvchilar, nafaqaxo‘rlar va harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan kartalar ish yoki o‘qish joylaridan kelib chiqqan holda tashkillashtiriladi.
Transport to‘lov kartalariga Toshkentning 2 mingdan ortiq nuqtalarida ega bo‘lish mumkin. Ular orasida metro kassalari, «Toshshaharyo‘lovchitrans» AJ sotuvlar punktlari, pochta bo‘linmalari, gazeta kiosklari va ANOR tarmog‘i mavjud.
ANOR to‘lov tizimining yana bir xususiyati - mobil telefondagi NFC mobil chiptasining mavjudligidir. Maxsus mobil ilova karta balansini to‘ldirib turishga, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga, xususiy kabinetdan foydalanishga va shaxsiy ma'lumotlarni saqlashga yordam beradi.
ANOR ATTZ tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgan bo‘lib, aholi uni ishga tushirilishining aniq muddati haqida xabardor etiladi.