«Uz-Kor Gas Chemical» MChJ KKni yong‘indan muxofaza qiluvchi 5-HYoXK smena boshlig‘i katta leytenant Mahmud Jumaniyazov 2014 yil Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabini muvaffaqiyatli tamomlab kelgach, Nukus shahrini yong‘indan muxofaza qiluvchi 2-XYoXKda xizmatni boshladi, deb yozmoqda Kruz.uz
U xizmatni olib borish mobaynida ko‘plab yong‘inlarni bartaraf etishda qatnashgan. Ayniqsa qish kunlari havo harorati keskin pasayib ketgan paytlari yong‘inlarning ko‘payib ketishi sodir bo‘lar edi. Shunday vaziyatlarda yong‘in o‘chiruvchilarga juda qiyin bo‘lar edi.
Sababi, birinchi yong‘indan kelgandan so‘ng yong‘in o‘chirish yenglari va yong‘in o‘chiruvchilarning jangovor kiyimlari juda ho‘l va nam holda bo‘ladi, yenglar va yong‘in o‘chiruvchilarning jangovor kiyimlari qurimasdan turib keyingi hamda undan keyingi sodir bo‘lgan yong‘inlarga chiqib ketishi va buning natijasida yong‘in o‘chiruvchilarning bevosita sog‘ligiga ta'sir qilgan holatlar tez-tez kuzatilar edi.
Mahmud qanday qilib bunday hollarda yong‘in o‘chirish yenglari va yong‘in o‘chiruvchilarning jangovor kiyimlarini tezda quritib, yana jangovor shay holatga kelishi mumkinligi haqida ko‘p bosh qotirar edi.
Uning qiziqishi va izlanishlari o‘z mevasini berdi. U yong‘in o‘chirish yenglarini Tselsiy bo‘yicha 40 daraja haroratda 45 daqiqa ichida, yong‘in o‘chiruvchilarning jangovor kiyimlarini esa 30 daqiqada xech qanday zararsiz quritib oladigan «Quritish kamerasini» yaratdi.
«Bu «Quritish kamerasi» qish kunlari havo harorati keskin pasayib ketganda ketma-ket yong‘inlar sodir bo‘lganida, tez yana jangovor shay holatga kelishga va uzoq davom etadigan yong‘inlar sodir bo‘lganida bevosita yong‘in joyida ishlatish imkoniga ega, uskuna 220 vt.da ishga tushib, 2 ta ventilyator va qizdirish spirallaridan iborat», - deydi Jumaniyazov.
M.Jumaniyazov hozirda yaratgan uskunasini yanada mukammallashtirish ustida ishlamoqda.