Vazirlar Mahkamasining 14.08.2017 yildagi 625-son qarori bilan 2017 — 2019 yillarda Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
U quyidagilarni nazarda tutadi:
• milliy kontent va veb-resurslarni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ommalashtirish, ularni tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish;
• Internetning milliy segmentini g‘oyaviy-mazmunan to‘ldirish, foydalanuvchilarning, eng avvalo yoshlarning zamonaviy talablariga javob beradigan ommabop axborot resurslari, media-mahsulotlari, badiiy, multiplikatsion va hujjatli filmlarni yaratish va rivojlantirish, shuningdek internet-jurnalistikani rivojlantirish;
• mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda milliy kontentni rivojlantirish va xorijiy axborot resurslarida uning ulushini oshirish, O‘zbekiston messenjerlari va ijtimoiy tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, ularning jozibadorligini oshirish hisobiga auditoriyasini kengaytirish;
• ta'lim kontentini yanada takomillashtirish, «ZiyoNET» ta'lim axborot tarmog‘i imkoniyatlarini kengaytirish, ta'lim muassasalari o‘quv dasturlari bilan integratsiyalangan zamonaviy veb-resurslarni yaratish;
• Internetda yaratiladigan milliy axborot resurslarini yanada targ‘ib qilish va ommalashtirish;
• Internetning global va milliy segmenti rivojlanish tendensiyalarini doimiy o‘rganib borish, milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy etish va tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
Kompleks dasturni sifatli amalga oshirish uchun vazirliklar va idoralar, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari shaxsan mas'ul etib belgilandi.