Meksikaning Motores Limpios kompaniyasi bir necha oydan so‘ng Zacua nomli elektromobillarini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini e'lon qildi. Savdoda narxi 25 ming dollardan boshlanuvchi ikki model paydo bo‘ladi.
Avtomobil kompaniyasi rahbari Xorxe Martinesning izohiga ko‘ra, elektromobillar ishlab chiqarish zarurati global iqlim o‘zgarishi va boshqa ekologik muammolar bilan bog‘liq. Bu kabi mashinalar mamlakatning atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashida ilk qadam bo‘lishi mumkin.
Zacua elektromobillari xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Fransiyaning Automobiles Chatenet firmasi mashina dizaynini yaratgan bo‘lsa, Ispaniyaning Dynamik Technological kompaniyasi muhandislari uning motorini ishlab chiqishda ko‘mak berishgan.
Dastlab savdoga ikki o‘rindiqli avtomobil chiqariladi. Uning uzunligi 3 metrni, eni 1,5 metrni tashkil etadi. Elektrokar balandligi 1,4 metr bo‘lgani holda vazni 380 kgni tashkil etadi. U 115 kmgacha yura oladi. Eng yuqori tezligi soatiga 100 kilometr.