Amerika shtatlararo lotereya assotsiatsiyasining sobiq dasturchisi qiymati 2,2 million dollar bo‘lgan lotereya chiptalari bilan bog‘liq firibgarlik uchun 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Fox news telekanali xabar bergan.
Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, 54 yoshli Eddi Tipton maxsus kodni yaratishga yordam bergan. U kompyuterlarni ma'lum bir kunlarda kutilayotgan yutuqli raqamlarni berishga majburlagan. Dasturchining so‘zlariga ko‘ra, u raqamlarni akasi, yaqin do‘sti va boshqa shaxslarga bergan, o‘yindan so‘ng yutuqni o‘zaro bo‘lishib olishgan.
Assotsiatsiyaning Ayovadagi vakillari Tiptonni lotereya chiptasi orqali 14 million dollarni olib ketishga uringanidan so‘ng firibgarlikda gumon qilishni boshladi.
Xabar qilinishicha, Tipton o‘z aybini tan olgan. U qamoq jazosidan tashqari, to‘rt shtatga firibgarlik amaliyotlari davomida olingan pullarni qaytarib berishi lozim.