Zamonaviy mahalla guzari qurilishi yana bir mashmasha keltirib chiqardi 

Jamiyat 19:55 / 21.08.2017 22642

Zamonaviy mahalla guzari. Bugun bu haqda kunora ommaviy axborot vositalarida, odamlarning suhbatlarida ko‘p eshityapmiz. Bu yaxshi, albatta. Ammo ayni masala borasida ma'lum dilxiraliklar ham kuzatilmoqda. 

Xususan, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, “Belariq” mahalla fuqarolar yig‘ini, Askiya ko‘chasi, 28- va 30-uylarda istiqomat qiluvchi aholi bugun ko‘p qavatli uylar orasida bunyod etilishi kutilayotgan zamonaviy mahalla guzari qurilishidan norozi. Yo‘llangan murojaatni o‘rganish uchun bayon etilgan manzilga bordik. Murojaat yo‘llagan aholi vakillari bilan uchrashdik, vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. 

Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular mahalla guzari qurilishi mo‘ljallangan joydagi bolalar maydonchasi, avtoturargoh, kichik gulzorni o‘z hisoblaridan barpo etishgan. Shuningdek, bu yerda ikki uyda yashovchilar Navro‘z bayrami, turli xil tug‘ilgan kunlar va boshqa tadbirlarni ham o‘tkazishar ekan.

- Joriy yilning mart oyidan boshlab qandaydir kishilar bu joyga mahalla qo‘mitasidagilar bilan kelishdi. Ular “Biz sizlarning hovlingiz qanday namunali ekanini” ko‘rsatmoqdamiz, deyishdi. Biz nimadandir gumonga borib jamoaviy xat tayyorladik va uni mahalla qo‘mitasiga yubordik. U yerda “Nega bu yerda kishilar yuribdi?”, “Nima qilmoqchisizlar, tushuntirish bering?”, degan savollar bor edi. Javob olganimiz yo‘q. Aprelda xatni yuborgandik. 20 iyul kuni kechqurun esa qandaydir kishilar qoziqlarni qoqishni boshlashayotganini ko‘rdik. Bundan tashqari, qandaydir videos'yomka ham qilindi. Biz chiqib “Nima gap?” deb so‘raganimizda, “Boringlar bu yerdan, xalaqit bermanglar”, deyishdi. Hech bo‘lmasa hujjatlarni ko‘rsatinglar, desak, uni ham, o‘zlari bilan birga bo‘lgan rejani ham taqdim etishmadi. Kechqurun hokim o‘rinbosari Husniddin Zuxurov kelib, ertaga ertalab soat 7.00da sizga barchasini tushuntirib beraman, dedi. Ertasi kuni, 21 iyulda soat 7.00da mahalla qo‘mitasiga borsak, hech kim yo‘q. Keyin mahalla raisi kelib, hokim o‘rinbosari kechroq kelishini aytdi. Tushlikka yaqin hokim o‘rinbosari va 30 ga yaqin oddiy ishchilar kelib, qoziq qoqishni boshlashdi. Ya'ni, bizni bu yerda nima bo‘layotgani haqida umuman ogohlantirishmadi. Bolalar maydonchasini yopib qo‘yishganidan so‘ng tabiiyki fuqarolar chiqib, o‘zingizni tanishtiring, deb so‘rashni boshlashdi, - deydi mahalla fuqarolari.

Tasodifni qarangki, aholi bilan suhbatimiz ustiga bir necha kun avval bizni ushbu tumanning “Muhandislar” mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini bilan tanishtirgan tuman hokimi o‘rinbosari Husniddin Zufarov keldi. Suhbatga qo‘shilgan tuman hokimi o‘rinbosari avval bizga vaziyatni tushuntirganday bo‘ldi, keyin esa aholi bilan bahslashishga kirishdi. So‘ng nima uchun kelganini ma'lum qildi. Ya'ni 28-va 30-uylar orasida qurilgan avtomobil turargohlarni buzish uchun ishchi xodimlar bilan kelgan. Bu xabar aholining yanada noroziligiga sabab bo‘ldi. 

- Bularning bari rasmiy. Hojatxonalarni ko‘rdingizmi? Ichkariga hojatxonalar qurib olishgan, bu esa noqonuniy qurilmalar hisoblanadi. Bu garajlar esa buzilayapti, - dedi hokim o‘rinbosari.

Uning mahalliy aholi vakillariga aytishicha, ularning barcha xatiga javob berilgan. Shuningdek, hokim o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarning garajlar va noqonuniy qurilmalarga hech qanday hujjatlari yo‘q ekan. Aholi vakillarining aytishicha, bu avtoturargoh uy-joy mulkdorlari shirkatiga rasmiylashtirilgan. 

- Hududning kattaligini qarang. Shundan oltidan biriga tushayotgan bino, bu yer davlatning yeri, baribir farmonni bajarishimiz kerak-da. Bular to‘sqinlik qilmoqda. Necha marotaba tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz, tuman prokurori, ichki ishlar, soliqdan kelmoqda. Mutasaddi tashkilotlardan hech kim qolmadi. Mening boshchiligimda kelinmoqda. Men qurilish bo‘yicha o‘rinbosarman. Lekin, bu yerda bularning ayrim noqonuniy harakatlari ham bo‘layapti, masalan, ishchilarga kuch ishlatmoqda, asabiga tegmoqda. Menda ham qurilish bo‘yicha muddatim bor, bayramgacha, bayramdan keyin. O‘zimizga tegishli qurilishning borishiga doir jadval bor”, - deydi hokim o‘rinbosari.

Uzoq davom etgan tortishuvlardan naf yo‘q. Aholi tomonidan qurilgan avtorturargoh buzildi.  28- va  30-uy aholisi ayni kunda mazkur norozilik arizasi bilan Toshkent shahar hokimligi va prokuratura organiga muroajjat qilgan. 

Endi bir o‘ylab ko‘raylik, ushbu ko‘p qavatli uylar orasiga “Zamonaviy mahalla guzari”ga ehtiyoj bormi? “Belariq” mahalla fuqarolar yig‘inining hozirgi idorasi holati qanday? Nega aynan zamonaviy mahalla guzari loyihasini ushbu joyda qurish kerak? Tuman hokim o‘rinbosari nima uchun hujjatlashtirilgan avtoturargohni noqonuniy, deb hisoblayapti? Tuman hokimi o‘rinbosarining xalq bilan muloqoti qanday bo‘lishi kerak? Nima uchun aholi noroziligiga sabab bo‘lgan ushbu loyihani o‘rganish uchun tuman hokimi tomonidan maxsus komissiya tuzilmadi? 

Savollar talaygina. Javob esa yo‘q. Yakkasaroy tumani hokimi Sarvar Mahametov qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi. Bu birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Savollarga kerakli javob ololmaganimizdan so‘ng, bizda mazkur qurilishdan kimlarningdir shaxsiy manfaati bormi, degan savol tug‘ildi. Balki unday emasdir?! Yaxshisi, bu savollarga aniq javobni Yakkasaroy tumani hokimining o‘zidan kutamiz!

Ko‘proq yangiliklar: