Yaponiyada okean oqimlari hisobiga energiya ishlab chiqaruvchi qurilma sinovdan o‘tkazildi

Fan-texnika 09:27 / 20.08.2017 4475

Yaponiyalik mutaxassislar okean oqimlari hisobiga energiya ishlab chiqaruvchi qurilmani to‘liq ko‘lamli sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdilar. 20 avgustda NHK yapon telekanalining ma'lum qilishicha, tajriba Kutinosima orolining janubi-g‘arbida 5 kun davomida o‘tkazilgan. Bu yerda kuchli Kurosio oqimi o‘tadi.

“Kayryu” deb nom olgan tizim IHI Corporation kompaniyasi hamda Yangi energetika va sanoat texnologiyalarini rivojlantirish tashkiloti tomondan ishlab chiqilgan. U har birining uzunligi 20 metr keladigan uchta metall silindrdan iborat. Ikkita silindr ikki tomonidan diametri 11 metrlik parraklarga ega generatorlar bilan jihozlangan.

Ular oqim hisobiga aylanib, elektr energiya ishlab chiqaradi. Ishlab chiqariladigan umumiy quvvat 100 kVtni tashkil qiladi. Uchinchi silindr esa butun tizimning suzuvchanligini ta'minlaydi. Elektr energiya quruqlikka kabellar orqali uzatiladi. 

Sinovlar vaqtida qurilma 20 metrdan 50 metrgacha chuqurlikkacha tushirilib, quvvatning o‘zgarishi kuzatilgan. Bunda ishlab chiqarilgan energiyaning maksimal quvvati 30 kVtni tashkil qilgan. Qurilma yaratuvchilarining aytishicha, bu dunyodagi bunday birinchi muvaffaqiyatli sinov hisoblanadi. 

“Bu hududda Kurosio oqimining jadalligi va yo‘nalishi juda barqaror bo‘lgani sababli, biz tadqiqotlarni aynan shu yerda davom ettirmoqchimiz”, deb aytgan mutaxassislardan biri. Uning aytishicha, energiyani olishning bunday usuli quyosh panellari yordamida olish usulidan barqarorroq bo‘lishi mumkin, chunki oqimlar jadalligi deyarli o‘zgarmasdir, quyosh panellari ishi esa kun qismiga bog‘liq. 

2020 yilga kelib ushbu qurilmalardan tijorat maqsadida  foydalanishni boshlash rejalashtirilmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: