«O‘zbekiston havo yo‘llari» Boeing 767 Full-flight simulyatorini ishga tushirdi

Fan-texnika 17:35 / 18.08.2017 10353

2017 yil 18 avgust kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyacida Havo floti kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Shuningdek, MAK o‘quv-markazida yangi Boing 767 samolyoti Full-flight-simulyatorining ishga tushirilishi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Boeing 767 Full-flight simulyatori haqida: 

FFS Boeing 767 - Canadian Aviation Electronics (CAYe) kompaniyasining eng so‘nggi ishlanmasi hisoblanadi. Ushbu qurilma zamonaviy kompyuter ta'minoti, harakatlanish va vizual tizimlar bilan jihozlangan. Unda parvoz davomidagi turli noodatiy holatlarni ham yerda, ham havoda sinab ko‘rish mumkin. Yuqori sifatli tasvirlarni ko‘rsatish uchun jahon sanoat standartlari asosida ishlab chiqilgan vizual tizim uchuvchilarga nostandart va murakkab vaziyatlarni mashq qilish, kompyuter tizimiga o‘rnatilgan aeroportlarning ma'lumotlar bazasi esa, yer sharining istalgan nuqtasiga parvoz qilish imkonini beradi.

Yangi trenajyor olti tomonlama erkin harakatlanuvchi platformaga o‘rnatilgan bo‘lib, og‘irligi 13 tonnani tashkil etadi. Mazkur simulyator CAYe kompaniyasi tomonidan joriy yilning aprelida yetkazib berilgan. 

Endilikda Milliy aviakompaniya uchuvchi-yo‘riqchilari simulyator orqali test sinovidan o‘tkazilib, parvozga tayyorlanishadi. Yangi Boeing 767 FFS simulyatorining foydalanishga topshirilishi O‘zbekistonda uchuvchilarni ushbu rusumdagi samolyotlarga, xorijiy o‘quv markazlarini jalb etmagan holda, hozirlash va qayta tayyorlash uchun katta imkon yaratadi. 

Shuningdek, trenajyor majmuasida zamonaviy trenajyorlar hamda Il-114-100 va A320 avialaynerlarining Full-flight-simulyatorlari ham o‘rnatilgan.

O‘quv-mashq markazida aviakompaniyaning 11 nafar muhandisi kanadalik mutaxassislar tomonidan o‘qitilib, simulyatorga mustaqil texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus ruxsatnoma berildi.

Ko‘proq yangiliklar: