Fototexnika ishlab chiqaruvchi Polaroid kompaniyasi smartfonlar bozoriga qaytmoqchi

Fan-texnika 08:41 / 18.08.2017 4940

O‘zining bir lahzada suratni chiqarib beruvchi fotokameralari bilan tanilgan, AQShning Polaroid kompaniyasi smartfonlar bozoriga qaytmoqchi. Bu haqda 17 avgustda kompaniya saytida chop etilgan bayonotdan ma'lum bo‘ldi.

Kompaniya o‘zi uchun yangi bo‘lmagan bozordagi yo‘lini hamyonbop Cosmo K smartfonlar qatoridan boshlashga qaror qildi. Bu qatorga 5 va 5,5 dyuymlik ekranga ega ikkita smartfon kirgan. Polaroid muhandislari ushbu qurilmalarga asos sifatida takt chastotasi 1,3 GGts bo‘lgan 4 yadrolik MediaTek protsessorlarini olishgan.

Cosmo K va Cosmo K Plus deb atalgan smartfonlarning tezkor xotirasi 1 Gb ni, doimiy xotirasi esa 8 Gb ni tashkil qiladi. Doimiy xotira hajmi MicroSD kartalari yordamida oshirilishi mumkin. Smartfonlar 13 Mp li asosiy va 5 Mp li frontal kamera bilan jihozlanadi. Yangi smartfonlar Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimida ishlaydi.

Dastlab ushbu smartfonlar Meksikada sotuvga chiqariladi. Agar Meksikadagi savdolar muvaffaqiyat qozonsa, kompaniya marketologlari qurilmalarni boshqa bozorlarga ham chiqarmoqchilar. Kompaniya iste'molchilarni aynan nima bilan jalb qilishi noma'lum. Ehtimol bunda hal qiluvchi omil smartfonlar narxining juda arzonligi bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: