Foto: Avstraliyada dunyodagi eng kuchli quyosh elektrostansiyasi quriladi

Fan-texnika 23:10 / 17.08.2017 7713

Avstraliyada mamlakatni uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash maqsadida dunyodagi eng yirik quyosh elektrostansiyasi quriladi. SolarReserve kompaniyasi (AQSh) va Janubiy Avstraliya shtati ma'muriyati quvvati 150 MVt ni tashkil qiladigan quyosh issiqlik elektrostansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv tuzishdi. Bu elektrostansiya bunday yo‘nalishdagi stansiyalar orasida rekordchi bo‘ladi.

SolarReserve quyosh energetikasi bilan bog‘liq o‘ziga xos loyihalarni yaratish bilan tanilgan. Avstraliyadagi elektrostansiya Aurora Solar Energy Project degan nom oladi va minora ko‘rinishida quriladi. Maxsus idishlarda quyosh energiyasi bilan eritilgan tuz yig‘iladi. Bu erigan tuz suyuq holatini bir necha soat davomida (8 soatdan 10 soatgacha) saqlay oladi, bu esa quyosh botgan soatlarda ham issiqlikni to‘plashga imkon beradi. Erigan tuz issiqlik ulashgich orqali o‘tib, o‘z energiyasini bug‘ va keyin elektr energiyasi hosil bo‘lishi uchun beradi.

Ushbu elektrostansiya 2018 yilda Port-Ogasta shahri yaqinida qurila boshlanadi. Bu yer quyosh energiyasini qo‘llash uchun ideal joy hisoblanadi. Stantsiya 135 MVt quvvatda kuniga 8 soat ishlaydi, akkumulyatorlarni qo‘llash esa elektrostansiyani kun bo‘yi ishlatishga imkon beradi. Stantsiyaning quvvatini 150 MVt gacha ko‘tarish mumkin. SolarReserve kompaniyasi elektrostansiyani qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda eng kichik qiymat – 512 mln dollar narx ko‘rsatgan va shu tariqa raqiblarini dog‘da qoldirgan. Shtat ma'muriyati kompaniya bilan 20 yillik shartnoma imzolagan. Bu elektrostansiyada ishlab chiqarilgan bir MVt-soat elektr energiyani 61 dollardan yetkazib berish ko‘zda tutilgan va bu gazda ishlovchi issiqlik stansiyalarinikidan arzonroqdir. Ta'kidlanishicha, elektrostansiya 2020 yilda ishga tushiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: