Surxondaryo viloyat IIBsi murojaatlar bilan ishlashni qachon to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadi?

Jamiyat 13:09 / 16.08.2017 23176

Davlat organlariga fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yilgan. Tahririyatimizga aynan davlat organlariga, ayniqsa, huquq-tartibot organlariga murojaatlari javobsiz qolib ketayotgan fuqarolardan ko‘plab maktublar kelib tushadi. Ana shunday murojaatlarning birini sizning va mutasaddilarning e'tiboriga havola etishga jazm etdik.

“Men Tursunmurod Xaydarovich Mo‘minov, 1992 yil 12 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilganman. Tursunmurod ismimni Murodga o‘zgartirish istagi bilan 2016 yil 18 may kuni Sho‘rchi tuman FHDYo bo‘limiga murojaat qilgan edim.

Murojaatimga asosan Sho‘rchi tuman FHDYo bo‘limi 2016 yil 18 may kuni №1631 sonli aloqa xati orqali O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 226-moddasiga asosan Sho‘rchi tuman IIBga tegishli tekshiruvni o‘tkazish uchun murojaat yo‘lladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 166-bandiga ko‘ra, Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 30 kun mobaynida o‘rganib chiqishi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismini o‘zgartirish xususida asoslangan xulosa tuzishi va uni FHDYo organiga taqdim etishi kerak.

Lekin 30 kundan bir nechtasi o‘tdi ham natija yo‘q. Shu sababli 2016 yil 25 noyabr kuni shu muammoni ko‘tarib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Ushbu murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB tomonidan 2016 yil 9 dekabr kuni mas'ul shaxslar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilayotganligi sababli xulosa berilmasdan vaqtincha to‘xtatib turilganligi, tekshiruv ishlari tugagandan keyin qo‘shimcha ravishda ma'lum qilinadi deyilganiga ham, mana, 9 oy bo‘libdi.

O‘z-o‘zimni savollar bilan ko‘mib tashladim: Nahotki huquq va manfaatlarimiz qonun bilan kafolatlangan huquqiy-demokratik davlatda yashab turib, ism tanlash huquqidan foydalana olmasak?

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun ijrosi qayoqda qoldi?”

Tahririyatimizga yo‘llangan mazkur maktub o‘z vaqtida, tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganib chiqiladi, deb umid qilamiz. Zero, maktub egasi tilga olganidek, biz huquqiy-demokratik davlatda yashaymiz va bu jamiyatda inson manfaatlari barcha narsadan ustundir.

Ko‘proq yangiliklar: