Tesla yaqinda o‘zining birinchi ommaviy elektrokari Model 3’ni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, bu uning eng hamyonbop avtomobili ekan.
Tesla Model 3’ning boshlang‘ich narxi haqiqatdan ham “atiga” 35 ming dollarni tashkil etadi. Biroq, agarda siz bu modelni xarid qilishga qaror qilsangiz, sizni yoqimsiz syurpriz kutib turibdi: elektrokar qiymati ancha jiddiy oshishi mumkin.
Model 3’ning bazaviy nusxasi “hech narsasiz” ko‘rinishga ega
Elektromobilning bazaviy nusxasiga old o‘rindiqlarni avtomatik sozlash kabi oddiy funksiyalar ham kirmaydi. Unga qo‘shimcha haq to‘lash lozim, sababi u qo‘shimcha optsiyalar to‘plamiga kiradi.
Model 3 xaridorlariga premium-to‘plam 5 ming dollarga tushadi. Shuningdek, unga ultrabinafsha va infraqizil himoyali qoraytirilgan shishali tom, nurdiodli tumanga qarshi chiroqlar va orqadagi yo‘lovchilar uchun ikkita USB-ulanish joyi kiradi.
Yakunda: 40 ming dollar
Avtopilot uchun ham qo‘shimcha haq to‘lash talab etiladi
Chiqarilayotgan barcha Model 3 kerakli uskunalar bilan jihozlangan (kameralar, skanerlar, sensorlar va hokazo). Ular ikkinchi avloddagi Autopilot tizimini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Biroq uni faollashtirish uchun qo‘shimcha 5 ming dollar kerak bo‘ladi.
Haydovchisiz boshqaruvning yaxshilangan texnologiyasi haydash jarayonini ancha osonlashtiradi: avtomobil o‘zi tezlikni, yo‘l qismlarini o‘zgartiradi va avtoturargohda to‘xtaydi.
Yakunda: 45 ming dollar
(Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Tesla avtomobillari butunlay avtonom bo‘ladi. Biroq tizimni kerakli jihatlarga qadar yangilash uchun qo‘shimcha 3 ming dollarni to‘lash lozim)
Boshqa qo‘shimcha jihatlar
Avtomobil sanoati uchun rangga qo‘shimcha haq to‘lash odatiy narsaga aylandi. Masalan, rangli Model 3 uchun xaridorlar qo‘shimcha ming dollarning bahridan o‘tishi lozim (bazaviy nusxa qora rangdadir). 19 dyuymli sport g‘ildiraklari yana qo‘shimcha 1500 dollarga tushadi.
Bundan tashqari, bazaviy Model 3 bir batareya quvvatida 354 kilometr yurishi mumkin hamda soatiga 100 kilometr tezlikka 5,6 soniyada chiqadi. Qo‘shimcha 9 ming dollar evaziga yurish zaxirasi 500 kilometr va yuzga 5,1 soniyada chiquvchi avtomobilni olish mumkin.
Yakunda: 56 500 dollar
Va nihoyat: Tesla birinchi navbatda Premium Model 3’ni chiqaradi, shu sababdan hamyonbop nusxani sotib olish niyatida bo‘lganlar kutib turishi lozim bo‘ladi.