Biologik chirindiga aylanib yo‘q bo‘lib ketadigan materiallarning ishlatilayotgani allaqachon yangilik emas. Bunday materiallar atrof muhit uchun mutlaqo zararsiz ekanligi bilan bir qatorda, ishlab chiqarish jarayonlarini ham arzonlashtiradi. Biologik chirindiga aylanuvchi materiallardan bir martalik uyali telefonlar va shunga o‘xshash boshqa gadjyetlar hamda boshqa buyumlarni yasashda unumli foydalanib kelinmoqda. Lekin o‘zi chirib yo‘q bo‘luvchi avtomobil — mutlaqo yangilik bo‘ldi.
Avtomobilni ishlab chiqarish uchun Niderlandiyaning Eyndxoven texnologiya universiteti talabalari mas'ul bo‘lib turishibdi. Ular yaratayotgan avtomobil kanop tolasi va shakar asosidagi plastikdan tayyorlangan. Bunday plastik hosil qilish uchun shakar qand lavlagidan olinadi.
Avtomobilning chirimaydigan tarkibiy qismlari — g‘ildiraklari, akkumulyator batareyasi va osmasining ayrim qismlaridir. Avtomobil Lina nomini oldi. Uning og‘irligi 310 kg va soatiga 50 km tezlikka erisha olishi mumkin. Uning qoplamasida ishlatilgan plastik har ikki tomonidan kanop tolasi asosidagi mato bilan mustahkamlangan. Natijada hosil bo‘lgan biologik chiruvchi kuzov mustahkamlikda ayni paytda avtomobilsozlikda keng ishlatilayotgan oddiy plastikdan sira qolishmaydi.
Avtomobil elektr dvigatellarining jami quvvati 8 kVtni tashkil etadi, quvvatlantirish uchun litiy-ionli batareya ishlatiladi va 100 km yo‘lni qo‘shimcha quvvatlantirishsiz bosib o‘tish imkonini beradi.
Bir tomondan, biologik jihatdan chiruvchi materiallardan avtomobil ishlab chiqarishda foydalanish g‘ayrioddiy ko‘rinishi mumkin, chunki avtomobillarning aynan uzoq vaqtga chidamliligi qadrlanadi. Biroq Naud van de Jyevel boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi bamper, kapot, qanot kabi avtohalokatlar davomida ko‘proq talofat ko‘radigan qismlar ishlab chiqarishda uning kashfiyoti qo‘l kelishidan umidvor.
«Kompozit biologik chiruvchi plastikning mo‘rtligi va elastikligi pastligi bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjud. Lekin bizning mashinamiz test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Niderlandiya transport boshqarmasining tegishli ruxsatnomasini olishidan umid qilinmoqda», dedi u.