Fotojamlanma: Indoneziyadagi motor-shouning 9 taqdimoti

Fan-texnika 19:02 / 15.08.2017 17097

Jakartadagi avtosalon - minivenlar namoyishi uchun ayni muddao. Krossoverlarga bo‘lgan qiziqish Indoneziyani ham chetlab o‘tgani yo‘q. Jakartadagi avtosalonda (GIIAS) 40dan ziyod yangi mashina namoyish etildi. Motor-shou ishtirokchilari orasida - nufuzli premium rusumlar ham bor: Mercedes-Benz, Audi, BMW, Lexus va Volvo. Indoneziya – Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining eng yirik avtomobil bozori. Jakarta dunyoning eng tirband shaharlari reytingi - TomTom'da uchinchi o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga Indoneziya bozorining o‘ziga xos tomonlari ham bor - bu yerda minivenlar va yevropacha nuqtai nazardan qaraganda g‘aroyib dizaynlarni yaxshi ko‘rishadi. GIIAS'ning asosiy taqdimotlari - Autonews fotojamlanmasida. 

Toyota Voxy

Toyota Indoneziya bozorining uchdan bir qismini egallagan, uning Avanza'si esa bu yerdagi eng mashhur avtomobil. Kompaniya Jakartaga nisbatan yirik segmentda "o‘ynaydigan" yana bir minivenni keltirdi — Voxy. Yetti o‘rinli yangi miniven uzunligi - 4710, g‘ildirak bazasi esa - 2850 millimetr. Kapot ostida ikki litrli motor o‘rnatilgan. Toyota bu avtomobilda yorqin avangard dizaynga urg‘u bergan, Voxy'dan avvalgi NAV1 minivenining ko‘rinishi u qadar ko‘zga tashlanmas edi. 

Toyota Sienta Ezzy

Indoneziyalik xaridorlarning didi boshqa mamlakat xaridorlarinikidan ancha farq qiladi - buning uchun Toyota Sienta'ga boqishning o‘zi kifoya qiladi. Toyota Astra Motor (TAM) mahalliy distribyutorning dizaynerlik bo‘limi bu modelning dizayniga yanada noodatiylik bilan yondashdi. Bamperlarga tom rangida ishlov berilgan, mashinaning pastki qismidan kumushrang hoshiya o‘tkazilgan, radiatorlar mayda to‘r bilan yopilib, ustidan tim qora to‘siq bilan yopilgan. Ikki rangli Toyota Sienta Ezzy Jakartada TAM dizaynerlari imkoniyatlarini namoyish etuvchi kontsept sifatida taqdim etildi. 

Mitsubishi Xpander

Krossoverlar qator mamlakatlar kabi Indoneziyada ham urf bo‘lmoqda. Yangi ixcham Mitsubishi Xpander agressiv ko‘rinishga ega. Uning intereri an'anaviy bo‘lib, yetti kishini sig‘dira oladi. Kapot ostida 5 bosqichli "mexanika" yoki 4 bosqichli "avtomat" bilan uyg‘unlashgan 1,5 litrli atmosfernik yashirin. 

Wuling Confero S

Indoneziya avtomobil bozori xitoyliklarni ham qiziqtiradi - GIIAS'da mahalliy yig‘mali Wuling Confero S miniveni namoyish qilingan. U yapon raqiblaridan farqli o‘laroq, ancha "odmi" ko‘rinish olgan. Uning klirensi katta emas, lekin kuzovning pastki qismi plastik to‘siq bilan himoyalangan. 4530 millimetrli avtomobil 8 kishini sig‘dira oladi. 1,5 litrli dvigatel 5 bosqichli mexanik transmissiya bilan jihozlangan. Wuling Confero S raqiblaridan arzonroq - uning narxi 128,8 million indoneziya rupiysidan boshlanadi. Taqqoslash uchun, nisbatan ixcham Toyota Avanza kamida 190,2 million rupiyga tushadi. 

Daihatsu DN Multisix

Toyota'ning Daihatsu markasi - Janubi-sharqiy Osiyoda jiddiy "o‘yinchi", Indoneziyada esa u mashhurligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda. Rulning o‘rniga shturval o‘rnatilgan avtomobil futuristik intereriga qaramay, uning konveyrga chiqishiga shubha yo‘q. Mashina 6 kishini sig‘dira oladi. 

Daihatsu DN F-Sedan

Daihatsu'dan yana bir yangilik — yorqin dizaynli DN F-Sedan. Mashina dizayni Tesla Model 3 uslubida ishlangan. Kontseptning o‘lchovlari: 4200x1695x1430 millimetr. G‘ildirak bazasi — 2510 millimetr, kapot ostida esa - 1,2 litr hajmli dvigatel. Tez orada seriyali modelning egizagi paydo bo‘ladi - yangi avlod Toyota Vios'i. Bu Toyota va Daihatsu'ning hamkorlik dasturi doirasida yaratilgan ilk avtomobillar bo‘ladi.  Ikki kompaniya rivojlanayotgan bozorlar uchun ixcham modellar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.  

Datsun Go Live

Datsun kompaniyasi, o‘z navbatida, GIIAS 2017 uchun Go xetchbekini taqdim etdi. Yoshlarga yo‘naltirilgan Go Live kontsepti keng sport bamperlari bilan ta'minlangan. Radiator panjarasining o‘lchamlari kattalashdi, faralar svetodiod bo‘ldi, yukxonasi esa spoyler bilan bezaldi. Detallarning ma'lum qismi yorqin yashil rangga bo‘yaldi. Texnik xususiyatlari haqida ma'lumotlar yo‘q, biroq Go xetchbeki 68-kuchli benzin motoriga egaligi ma'lum. 

Renault Kwid Extreme

Renault Kwid hamyonbop bo‘lishiga qaramay, hozircha uning sotuv ko‘rsatkichlari juda past. Buni qisman mashinaning yetishmasligi bilan ham izohlash mumkin: Kwid Hindistonda yig‘iladi, u yerda bu avtomobilga bo‘lgan talab juda yuqori. Indoneziyaliklarga yana bir bor Kwid haqida eslatib qo‘yish uchun motor-shouga uning maxsus Extreme versiyasi olib kelindi. 

Suzuki Ignis S-Urban

Suzuki Indoneziyada o‘zining eng kichik modeli - Ignis xetchbekini taqdim etdi. Atigi 3,7 metrli uzunlikka ega bu avtomobilni krossoverlar qatoriga kiritish mumkin, har holda uning jihozlanishidan shunday xulosa chiqarish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: