Kun.uz muxbirining Andijon viloyati mas'ullariga bergan ikki savoli javobsiz qoldi

Jamiyat 00:25 / 13.08.2017 35276

Xalqaro Press-klubning “Sayyor Press-klub” loyihalari vodiy viloyatlarida davom etmoqda. 12 avgust kuni uning navbatdagi majlisi Andijon viloyatida bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Kun.uz muxbiri ham bevosita ishtirok etib, savollar bilan murojaat qildi. 

Xususan, muxbir Andijondagi “Bo‘zfarm” korxonasi faoliyati va “Bo‘zsuv daryosi” MChJ bilan bog‘liq ikki holat bo‘yicha jurnalistik surishtiruv ishlarini boshlaganini ma'lum qilar ekan, sessiya qatnashchilarining e'tiborini quyidagi muammolarga qaratdi. 

Jumladan, “Bo‘zfarm” korxonasi bilan bog‘liq ishda IIB xodimlari tergov jarayonini asossiz ravishda cho‘zib, ishni sudga oshirishni ortga surib kelmoqda. Tergovchi Shavkat Hasanov ishni sudga oshirish o‘rniga 400 mln so‘m ortiqcha jarima to‘lashni talab qilmoqda. Qizig‘i shundaki, buni prokuratura vakillari nazorat qilmayapti. 

“Bo‘zsuv daryosi” MChJ (direktori kollej bitiruvchisi) bilan bog‘liq holatda Majburiy ijro byurosi hech qanday dalolatnoma tuzmasdan, ogohlantirmasdan qarzi bo‘lmasa ham elektr manbaidan uzib qo‘ygan. 

Ta'kidlash joizki, u masalalar bo‘yicha savollar aniq va tushunarli bo‘lsa-da, viloyat IIB va prokuratura vakillari bu savollarni javobsiz qoldirishdi. 

Bundan tashqari, Qorasuv shahrini tumanga bo‘ysinuvchi shahar maqomidan viloyatga bo‘ysinuvchi shahar maqomiga o‘tkazish masalasi hamda Andijon tumanida “Qobiljon mirishkor” fermer xo‘jaligining 13 gektar yer maydonidagi g‘o‘za qurib borayotganiga qaramay, unga suv berilmayotganiga doir savollar berildi. 

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov oxirgi ikki savolga javob berib, Qorasuv shahri maqomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotgani, bu masala bir kunda hal etiladigan mavzu emasligi, unga chuqur yondashgan holda e'tibor qaratish kerakligini ta'kidladi. 

“Qobiljon mirishkor” fermer xo‘jaligi paxta dalasi suvsiz qolayotgani bo‘yicha ham sessiyaning o‘zida mas'ullarga ko‘rsatma berilib, masala shu kunning o‘zida hal etilishi aytildi.

Ko‘proq yangiliklar: