Futbol sharhlovchilarimiz qachon chin yurakdan ishlashadi?

Sport 21:38 / 11.08.2017 21523

O‘zim jurnalist emasman, ammo jurnalistikaga qiziqishim baland. Jurnalist aka-ukalarimiz, ayniqsa, futbol jurnalistlarimiz va sharhlovchilarimiz tomonidan yozilgan maqolalarni doimo qiziqish bilan o‘qib boraman.

Ushbu chiqishimda futbol jurnalistikasi haqida emas, aynan sharhlovchilar haqida o‘z mulohazalarimni bildirishga jazm etdim.

Har bir ustozning o‘z muhri bo‘ladi. Shogirdlarining qaysidir harakatlari ustozini eslatib yuboradi. Shunday shogirdlarni «ustoz ko‘rgan shogird», deyish mumkin. Ammo mening nazarimda, «Sport» telekanalida sharhlayotgan ko‘plab futbol sharhlovchilarimizning ustozlari yo‘qdek. Aynan mana shu yerda saviya, ustoz muhri sezilib qoladi.

Ekrandagi futbol tempiga mos sharhlamay, pastlashish, qiziqarli o‘yinlarni saviyasiz sharhlash, o‘yindan chetga chiqish, ko‘p minglab sonli muxlislarning e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli ham ko‘plab yurtdoshlarimiz Yevropa futbolini Rossiya telekanallari orqali ko‘rishadi. U yerda harqalay ancha qiziqroq va jo‘shqinroq sharhlashadi.

Shu o‘rinda yana bir muammoni, futbol sharhlovchilarimiz tomonidan o‘z ishiga yurakdan yondashilmasligi sababli ko‘pchilik e'tibor bermagan qimor illati, to‘g‘rirog‘i, totalizator yurtimizga kirib kelayotganini aytib o‘tmoqchiman.

«Bizga nima aloqasi bor?» deb hayron bo‘lmang, hozir tushuntiraman.

Avvalari e'tibor bermasdim, ammo ko‘pchilik zamonaviy telefon ishlatadigan tanishlarim ko‘pdan beri o‘sha rus futbol kanallari tomonidan reklama qilinadigan totalizator kompaniyalari orqali zamonaviy qimorga aralashib qolishgan. Buning asosiy sabablaridan biri — kanallarimiz orqali futbolning sifatsiz sharhlanishida, muxlisni o‘z kanallarimiz ushlab qola olmayotganidadir.

E'tibor beryapsizmi, hurmatli sharhlovchilar? Sizlarning o‘z kasblaringga mas'uliyatsiz yondashishlaring sababli millatimizga nimalar kirib kelishi mumkin va kirib kelyapti?

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: muxlislarni o‘z kanalimizga qaytarish uchun nima qilish kerak? Yevropa chempionatlari translyatsiyasini sotib olishda hamkorlik qilayotgan tashkilotlar, eng avvalo, o‘z bizneslari o‘ylab, qolaversa, xalqimizning Yevropa futboli havosidan bahra olishlari uchun qilayotgan xizmatlari, albatta, tahsinga sazovor. Ammo deyarli hamma rus telekanallarini ko‘raversa, homiy o‘z mahsulotini qaysi kanal orqali reklama qilsin?

Translyatsiya uchun sarflagan mablag‘i o‘zini oqlamasa, keyingi mavsumda yana homiylik qilishidan nima naf? Mana sizga savol ichidagi savol: muammoning eng asosiy sababi, ustoz ko‘rmagan sharhlovchilarimizning futbolni sharhlashlarida, potensial tomoshabinni ekranning ostiga mixlab qo‘ya olmayotganligida, deb bilaman.

Bir paytlar «Sport» telekanalida rahmatli Davlat Turdialiyev, u kishining chin shogirdi deb atashga arzigulik Xayrulla Hamidov kabi «tishga bosarli» sharhlovchilarimiz bo‘lardi. Ustoz sifatida Davlat akaning o‘z maktablari bor edi. U kishining o‘gitlaridan foydalangan ko‘plab shogirdlari ayni paytda qalam tebratish bilan band. Balkim ularni TVga qaytarish kerakdir?

Aksariyat hozir ishlayotgan ko‘plab sharhlovchilar ham Davlat akani balki o‘zlariga ustoz, deb bilishar, ammo ustozdagi hech bo‘lmaganda bittagina ijobiy xususiyatni o‘zida shakillantira olmagan shogird shogird emas, deb hisoblayman. Ustozni «ustoz» deb bilish emas, ustozdan nimalarnidir o‘rganish, uni o‘z fe'l-atvori va xarakteri orqali shakllantirish kerak.

Davlat aka va u kishiga o‘xshagan ko‘plab ustozlarimizdan ta'lim olgan shogirdlari, ayni paytda ustoz deyish mumkin bo‘lgan futbol jurnalisti va sharhlovchilarimiz bor. Shu shogirdlar endi o‘zlari o‘zlariga ustozlik qilib, o‘z maktablarini yaratish ustida ish olib borishmasa, o‘zini «Davlat akaning shogirdiman, u kishini ustoz, deb bilaman», deya o‘z ustilarida ishlab, futbol sharhlashda, futboldan tashqariga chiqmasdan, futbol jozibasini yanada ko‘tarish uchun mehnat qilishmas ekan, sport va shu kabi sportga oid telekanallarimiz sharhidagi faoliyati sustligicha qolaveradi.

Muxlislarimiz, avvalgidek, rus telekanallari sharhlovchilarining sharhiga mahliyo bo‘lib qolaverishadi. Natijada, totalizator atalmish balo millatimiz, yoshlarimiz ongini zaharlashda davom etaveradi.

Ko‘ryapsizmi, birgina futbol sharhidagi mas'uliyatsizligingiz millat ongining zaharlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hali ham kech emas! Bu borada TVdagi mutasaddilar, ustoz ko‘rgan tajribali sharhlovchilarimiz vaqtida harakatni qilib qolishmas ekan, ertaga kech bo‘lishi shubhasiz. Bu xuddi og‘zingdagi oshni oldirib qo‘yishdek gap.

Vaziyat bu darajagacha yetib bormasligiga, ko‘p million sonli muxlislar nomidan umid bildiraman.

Ulug‘bek G‘afurov

Ko‘proq yangiliklar: