Angliya startda! Dunyoning eng ommabop chempionati dastlabki turi haqida barcha faktlar

Sport 18:50 / 11.08.2017 18417

Ikki oydan ko‘proq vaqt davom etgan tanaffusdan so‘ng, dunyoning eng tomoshabop chempionati sifatida ta'rif beriladigan Angliya chempionati bugun start olish arafasida turibdi. 129 yillik tarixda kuzatilmagan voqeilik bilan boshlanayotgan chempionat har doimgidek keskin kurashlarga boy o‘tishi kutilmoqda. Tribuna.Uz chempionat uchrashuvlari prevyusini batafsil berib boradi. Bugun boshlanadigan 1-tur uchrashuvlariga oid qiziqarli faktlar, xabarlar, ma'lumotlar barchasi shu yerda.

Angliya premer-ligasi 2017/2018 yilgi mavsum, 1-tur

«Arsenal» – «Lester» (11 avgust, 23:45, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘tgan haftada Angliya superkubogidagi g‘alaba bilan mavsumni boshlab olgan Arsen Venger barcha ertaklarni tugatib, yana oldingi holatiga qaytgan «Lester»ni qabul qilish orqali premer-liganing yangi mavsumini ochib beradi.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
—Angliya chempionatlarining 129 yillik tarixida ilk marta musobaqa juma kuni start oladi.
— «Arsenal» «Lester»ga qarshi o‘z uyida kechgan so‘nggi 10 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. Umuman bu ikki jamoa APL doirasida 22 marta to‘qnash kelgan bo‘lsa, «Lester» faqat bir martagina londonliklardan ustun kelgan. 14 uchrashuvda «Arsenal» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 7 uchrashuv durang natija bilan tugagan.
— Jyeymi Vardi «Lester»ning «Arsenal»ga urgan so‘nggi uchta golning ikkitasi mualliflik qilgan, lekin o‘sha uchrashuvlarida «tulkilar»ning omadi chopmagan

Yo‘qotishlar
«Arsenal» tarkibida Aleksis Sanches, Loran Koselni, Gabriel Paulista, Santi Kasorla jarohati sabab o‘ynay olmaydi. Shuningdek Frensis Koklin, Aaron Remzi va Per Mertezakerning ham holati so‘roq ostida qolmoqda. Mesut O‘zil va Shkodran Mustafi esa jamoaga kech qo‘shilgan va jismonan tayyor emas.
«Lester Siti»da esa Kelechi Iheanacho kichik jarohatdan so‘ng yana umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgan, ammo Denni Drinkuoter va yangi xarid qilingan Visente Iborra jarohati sabab o‘ynay olmaydi. Robert Hutning o‘yinda ishtiroki ham so‘roq ostida qolmoqda.


«Brayton» – «Manchester Siti» (12 avgust, 21:30, UzReport, Match! Futbol 1)

Yangi mavsum oldidan 200 mln yevroga yaqin pulni himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun sarflagan Xosep Gvardiola bu mavsumda katta natijalarni va'da qilmoqda. APL chempionligi uchun asosiy da'vogar bo‘lib turgan «Siti» bu yo‘ldagi dastlabki qadamini APL debyutanti «Brayton»ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— Bu ikkala jamoaning premer-liga doirasidagi ilk to‘qnashuvi bo‘ladi. APL tashkil etilguniga qadar (1992 yilgacha) jamoalar Angliya chempionati doirasida 8 marta duch kelgan bo‘lib, ularning 4tasida «Siti» ikkitasida «Brayton» g‘alaba qozongan. 2 uchrashuvda durang qayd etilgan.
— So‘nggi marta bu ikki jamoa 2008 yilda Angliya liga kubogida duch kelgan bo‘lib, o‘shanda o‘yinning asosiy vaqtida 2:2 hisobida durang qayd etilgan, penaltilar seriyasida esa «Brayton» zafar quchgan.
— «Manchester Siti» 6 mavsumdan buyon APLni faqat g‘alaba bilan boshlab kelmoqda. Bu hozirgi kundagi eng yaxshi ko‘rsatkich sanaladi.
— «Manchester Siti» so‘nggi ikki yildan buyon APLning dastlabki olti turida faqat  va faqat g‘alaba qozonmoqda.
— Serxio Aguero «Manchester Siti»ning premer-liga doirasidagi so‘nggi oltita dastlabki tur o‘yinlarida 5 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan.
— «Amex» nomidagi stadion APL o‘yinlari o‘tkazilgan 56-yangi maydon sifatida tarixga kiradi.

Yo‘qotishlar
«Brayton» tarkibida Sem Baldok  va Beram Kayal jarohati sabab premer-ligadagi debyutini o‘tkazib yuboradi. Jamoaning yangi xarij qilgan futbolchilari Devi Proppera, Izzi Braun, Markus Sattner, Paskal Gross va Metyu Rayan bu uchrashuvda ishtirok etish uchun tayyor bo‘lib turishibdi.
«Manchester Siti» tarkibida esa Ilkay Gundo‘g‘an eski jarohatidan to‘liq tiklanib ulgurmagani uchun bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek yangi xarid qilingan dunyoning eng qimmat himoyachisi Benjamen Mendi ham bu uchrashuvda APLda debyut qila olmaydi. Uoker, Danilo, Ederson, Bernardu Silva kabi yangi futbolchilar esa klubdagi debyut uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda.


«Uotford» – «Liverpul» (12 avgust, 16:30, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Liverpul» so‘nggi to‘rtta mavsumning dastlabki turida faqat g‘alaba qozongan. Ungacha esa jamoa to‘rt mavsum ketma-ket APLni g‘alabasiz o‘yinlar bilan boshlagandi.
— «Liverpul»ning birinchi turdagi so‘nggi mag‘lubiyatidan uchtasi mehmondagi uchrashuvlarda kuzatilgan (8 g‘alaba, 5 durang, 3 mag‘lubiyat).
— «Uotford» hozirgacha premer-liga debyutida g‘alaba qozona olmagan (2D, 2M).

— «Liverpul» premer-liga doirasidagi so‘nggi 3 uchrashuvda birorta ham gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozongan. Oxirgi marta jamoa mehmondagi ketma-ket to‘rtta uchrashuvda gol o‘tkazmasdan g‘alabani tantana qilgan vaqti 2002 yilning yanvaridan martiga qadar bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda kuzatilgan.

Yo‘qotishlar
«Uotford» himoyachisi Kreyg Ketkart jarohati sabab uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Hujumchi Troy Dini esa jarohatdan so‘ng mashg‘ulotlarga to‘liq kirishib ketgani yo‘q va bu uchrashuvda ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.

«Liverpul» tarkibida esa Adam Lallana jarohati sabab mavsumning dastlabki qismini o‘tkazib yuboradi.

«Chelsi» – «Byornli» (12 avgust, 19:00, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Chelsi» APLning 1-turlarida jami ochko to‘plash (54 ochko) bo‘yicha premer-liganing istalgan klubidan ustun va bu borada yetakchi sanaladi.
— APLning barcha davrlaridagi 25 chempiondan faqat o‘tgan mavsumda «Lester Siti» amaldagi chempion sifatida birinchi turda «Hall Siti»ga yutqazib (1:2) qo‘ygandi. Boshqa holatlarda hech qachon amaldagi chempion yangi mavsumni mag‘lubiyat bilan boshlamagan.
— «Byornli» premer-ligadagi barcha uchta mavsumidagi dastlabki turlarni mag‘lubiyat bilan boshlagan va faqatgina bitta gol urgan.
— Agar «Chelsi» bu uchrashuvda g‘alaba qozonsa Premer-ligada dam olish kunlari 300 g‘alabaga erishgan ikkinchi jamoaga aylanadi. Hozirga qadar «Manchester Yunayted» 327ta shanba kuni kechgan uchrashuvlarda g‘alaba qozongan.

Yo‘qotishlar
Qiziq tomoni, ikkala jamoada ham birinchi turda hech qanday yo‘qotishlar yo‘q.


«Kristal Pelas» – «Haddersfild Taun» (12 avgust, 19:00)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Haddersfild» so‘nggi marta «Kristal Pelas» bilan 1972 yilda to‘qnash kelgan va o‘shanda «Selhyorst Park» stadionida kechgan uchrashuvda hisob ochilmagan.
— «Pelas» premer-liga dastlabki turi doirasidagi so‘nggi besh mavsumdagi uchrashuvlarning faqat bittasida 1-turni g‘alaba bilan (1G‘, 1D, 3M) boshlagan.
— Bu Frank de Bur va Devid Vagnerning APLdagi birinchi to‘qnashuvi bo‘ladi. Oxirgi marta bundan 13 yil oldin APLda ikki debyutant murabbiy bir vaqtda to‘qnash kelishi holati kuzatilgandi.
— 2008/2009 yilgi mavsumdan buyon premer-liga debyutantlari 1-turda jami bo‘lib 4ta uchrashuvda g‘alaba qozona olishgan xolos.

Yo‘qotishlar
«Haddersfild» APLdagi debyut uchrashuvida Nahi Uells, Jonatan Hogg, Martin Kreyni va Jon Stankovich xizmatidan foydalana olmaydi. «Pelas»da bunday yo‘qotishlar yo‘q.


«Everton» – «Stok Siti» (12, avgust, 19:00)


O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Everton» premer-liganing so‘nggi to‘rt mavsumini faqat durang natija bilan boshlagan. Ularning uchtasida 2:2 hisobi qayd etilgan.
— Faqatgina Frenk Lempard va Alan Shirer (8ta gol) Premer-liganing birinchi turida Ueyn Runidan ko‘proq gol (7ta gol) urgan .
— Garet Berri o‘zining APLdagi 21-mavsumida maydonga tushishi mumkin. Bundan yaxshiroq ko‘rsatkich faqatgina Rayan Giggzda (22 mavsum) bor.
— Piter Krauch «Everton»ga qarshi uchrashuvlarda 6 gol va 4ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. U faqatgina «Aston Villa»ga qarshi o‘yinlarda bundan yaxshiroq (11ta samarali harakat) natijaga erishgan.

Yo‘qotishlar
«Everton» tarkibida jarohati sabab Sheymus Koulmen, Yannik Bolazi va Ramiro Funes-Mori uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Ross Barkli va Jyeyms MakKartini ishtiroki so‘roq ostida.
«Stok Siti»da bu kabi muammolar hozircha yo‘q.


«Sauthempton» – «Suonsi» (12 avgust, 19:00)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Sauthempton» hech qachon premer-liganing dastlabki tur uchrashuvini g‘alaba bilan boshlamagan. 9 mavsum, 0 g‘alaba (5D, 4M).
— Ammo, «avliyolar» Premer-liga doirasidagi «Suonsi»ga qarshi so‘nggi 8 uchrashuvning oltitasida g‘alaba qozongan (6G‘, 0D, 2M). Jamoalar jami 10 marta duch kelgan bo‘lsa, yana 2 uchrashuv durang bilan tugagan.
— «Suonsi» faqat bir marotaba 2015 yilning fevralida «Sauthempton» uyida g‘alaba bilan qaytgan (1D, 3M).
— «Suonsi» premer-liganing so‘nggi uch mavsumidan buyon birinchi turda yutqazmayapti (2G‘, 1D).

Yo‘qotishlar
Uels jamoasi safida Fernando Lorente, Ki Sung Yong va Natan Dayyer jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Gilfi Sigurdsson esa boshqa jamoaga o‘tayotgani sababli bu o‘yin qaydnomasiga kiritilmaydi.
Mezbonlar «Sauthempton»da Virjil van Deykning holati Sigurdsson bilan bir xil bo‘lib turibdi. Boshqa chiziqlarda yo‘qotishlar yo‘q.


«Vest Bromvich» – «Bornmut» (12 avgust, 19:00)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Bornmut» Premer-Liga doirasidagi «Vest Bromvich»ga qarshi 4 uchrashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga uchragan (2G‘, 1D).
— Ammo «Bornmut» premer-ligada bungacha o‘tkazgan ikki mavsumida ham birinchi turni mag‘lubiyat bilan boshlagan (2015 yil «Aston Villa»ga 0:1, 2016 yilda «Manchester Yunayted»ga 1:3).
— Garet Makoli «Bornmut»ga qarshi 4 uchrashuvning 2tasida gol kiritgan, boshqa biror jamoaga u bunchalik tez fursatlarda gol kirita olmagan.
— «Bornmut» hujumchisi Joshua King 2017 yilda APL 13ta gol kiritgan. Faqatgina Romelu Lukaku (15 gol) va Harri Keyn (21 gol) joriy kalendar yili hisobida Kingdan ko‘ra yaxshiroq natijaga erishib turishibdi.

Yo‘qotishlar
«VBA» tarkibida Garet Makoli va yarimhimoyachi Jyeyms Morrison maydonga tusha olmaydi.
«Bornmut» esa Kallum Uilson, Junior Stanislas uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Stiv Kuk va Jyermeyn Defoning ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.


«Manchester Yunayted» – «Vest Hem» (13 avgust, 20:00, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— Hech bir jamoa «Manchester Yunayted» kabi premer-liga dastlabki turini ko‘p g‘alaba bilan bilan boshlamagan (16 g‘alaba, «Chelsi» bilan bir xil natija).
— «Manchester Yunayted» «Vest Hem»ga qarshi so‘nggi 9 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda (7G‘, 2D).
— Joze Mourino butun murabbiyligi tarixida yakshanba kuni o‘z uyida o‘tkazgan birorta uchrashuvda ham yutqazmagan (86G‘, 26D).
— Jo Hart «Old Trafford» ketma-ket uchta uchrashuvda gol o‘tkazmagan ilk darvozabonga aylanishi mumkin. Bungacha u «Manchester Siti» safida ikki marta 2014 yil martida va 2015 yilning oktabrida maydonga tushib o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi.

Yo‘qotishlar
«MYu» tarkibida Markos Roxo (tizza), Lyuk Shou (oyoq) va Eshli Yang (tizzaosti paylari) jarohati sabab uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. «Vest Hem»da hozircha bunday muammolar yo‘q.


«Nyukasl» – «Tottenhem» (13 avgust, 17:30, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Nyukasl Yunayted» Premer-ligadagi so‘nggi to‘qqizta startdagi uchrashuvning faqat bittasida g‘alaba qozongan. (4D, 4M), ammo jamoa 2012 yilda aynan «Tottenhem»ni APL startida mag‘lubi (2:1) etgandi.
— Harri Keyn Premer-liga doirasidagi so‘nggi 15 uchrashuvda 20ta gol kiritgan. Ammo u hech qachon avgust oyida APL o‘yinlarida gol ura olmagan.
— Ikki jamoa o‘rtasida «Sent-Jyeyms park» stadionida kechgan so‘nggi uch uchrashuvda jami 14 gol kiritilgan. Jumladan 2016 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi to‘qnashuvda «Nyukasl» 5:1 hisobida g‘alaba qozongan.
— «Nyukasl» bosh murabbiyi Rafael Benites Premer-Liga doirasidagi «Tottenhem»ga qarshi o‘z uyida o‘tkazgan 8 uchrashuvning birortasida mag‘lubiyatga uchramagan (5G‘, 3D).

Yo‘qotishlar
Ikkala jamoada ham hozirgi vaqtda yo‘qotishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: