Nissan-Renault Fransiya-Yaponiya birlashmasi 2017 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha avtomobillar sotish bo‘yicha ilk bor jahon yetakchisiga aylandi. U Volkswagen, Toyota hamda General Motors kompaniyalarini ortda qoldirdi. Bu haqda Associated Press alyans ma'lumotlariga asosan xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, Nissan-Renault 2017 yilning yanvar-iyun oylari davomida butun jahon bo‘ylab 5 mln 268 mingdan ortiq avtomobil sotgan.
Shu bilan birga, ikkinchi o‘rinni egallagan Volkswagen taxminan 5 mln 155 ming avtoni sotdi.
Uchinchi o‘rindagi Yaponiyaning Toyota korporatsiyasi 5 mln 129 ming avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan. General Motors kompaniyasi esa taxminan 4,7 mln mashinani sotdi.
Nissan vitse-prezidenti Joji Tagavaning ma'lum qilishicha, sotuvlar hajmi «agarda bu daromadning oshishiga olib kelmasa, hech qanday ahamiyatga ega emas».
«Biz birinchi yoki ikkinchi, uchinchi o‘rinni egallaganimiz – meni qiziqtirmaydi. Bu bizning kompaniya maqsadi emas», - dedi u.