Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi 26 iyulda bo‘lib o‘tgani haqida avval xabar berilgan edi. U «O‘zbekistonning zamonaviy soliq siyosati: vazifalar va amalga oshirish mexanizmi» mavzusida tashkil etildi. Unda tadbirkorlar tomonidan naqd pul tushumini to‘liq topshirmaslik, naqd pulni to‘liq qaytarib olish imkoni yo‘qligi, xufiyona iqtisodiyot muammosi ham muhokama etildi. Sessiya moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev ekspertlarga bu masalada savol bilan murojaat qildi.
“Kassa apparati ko‘p davlatlarda tadbirkorning o‘zi uchun kerak, ya'ni kun yakunida tushumni hisob-kitob qiladi. Bizda esa, butunlay aksi. Inkassator Captiva va Orlando mashinalarida qopchasini ko‘tarib boradi, tadbirkor katta bir do‘kondan 100 ming yoki 150 ming so‘m pulni xuddi sadaqa berganday berib yuboradi. Soliq idorasi reja qo‘yib, shuncha naqd pul topshirasan deydi, tadbirkor bankdan naqd pulini vaqtida ololmayman deb, tushumning o‘ndan birini ham bankka topshirmaydi. Oqibatda pul aylanishning xufyona ko‘rinishi, ya'ni xufyona iqtisodiyot avj oladi. Savol: bu muammoga qachon va qanday qilib barham beriladi? Tadbirkor pulni qo‘yadi, ikkinchi kuni kelganida bank naqd pulimiz yo‘q, deydi. Bu muammoning negizi qayerda, uni kimdan qidirishimiz kerak?”
Bu savolga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev javob berar ekan, banklardan chiqayotgan naqd va qaytayotgan naqd orasidagi tafovut juda katta farq qilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta'kidladi.
“To‘g‘ri, tadbirkorlar pulni to‘liq topshirmaydi. Masalan, bir oylik bankdan chiqayotgan naqd pullarni va qaytayotgan pullarni oladigan bo‘lsak, agar bu 90-95 foiz chiqqan pul qaytib keladigan bo‘lsa, buni normal holatga yaqin deb tushunish mumkin. Lekin bugungi kunda bu daraja pasayib ketgan edi. Shu sababli soliq idoralari bilan birgalikda asosiy kuch shunga safarbar etilmoqdaki, imkoni boricha naqd pullarni bankka jalb qilish.
Yana bir jihati bu masalaga tadbirkor ko‘zi bilan ham qarash kerak. Tadbirkor bankka topshirgan pulimni qaytarib olsam, deydi. Bir-ikki kun avval shunga doir statistikaga ko‘zim tushdi. Unga ko‘ra, yilning o‘tgan davri mobaynida savdo bilan shug‘ullanuvchilar 40-45 foiz naqd pulini qaytarib olgan. Endi yana 50 foiz mablag‘i qolibdi, degan savol tug‘iladi. Bu holatda, agar hamma pulini bankka topshirib keyin yana olib chiqaversa, pul aylanmasi bora-bora bankdan tashqarida amalga oshiriladi. Bu masalaning boshqa tomonlari ham bor. Buning yechimi qanday bo‘ladi?
Boya aytganimdek, valyuta liberallashuvi va pul-kredit siyosatida olib borilayotgan o‘zgarishlar barchasi bog‘liq masala. Biz shunday bir muhitni barpo qilishimiz kerakki, tadbirkorning o‘zi tushgan naqd pulini bankka topshirib, o‘z pul mablag‘lari aylanmasini bank orqali yo‘lga qo‘ysin”, - dedi Saidkamol Xo‘jayev.