«Navoiyazot» AJ loyihalarni amalga oshirish uchun kreditlar jalb qiladi

Iqtisodiyot 09:46 / 26.07.2017 4332

«Navoiyazot» AJ ikkita investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xorijiy kreditlarni jalb etadi.

O‘zbekiston Prezidenti 2017 yilning 24 iyul kuni «Navoiyazot» AJda investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, «Navoiyazot» AJ ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun yapon banklari kreditini jalb etadi.

Bank of Tokyo Mitsubishi boshchiligidagi yapon banklari konsorsiumi Yaponiya eksport-kredit agentligining 21,74 mln. AQSh dollari miqdoridagi moliya mablag‘larini taqdim etadi. Kredit 7 yillik muddatga beriladi. 

Commerzbank (Germaniya) va Crédit Suisse (Shveytsariya) banklari konsorsiumi esa «Navoiyazot» AJda azot kislotasi ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasini amalga oshirish uchun 115,62 mln. AQSh dollari miqdorida kredit taqdim etadi. Ushbu kredit 11 yillik muddatga beriladi.

O‘zbekiston rahbari «Asaka» ATB va «O‘zsanoatqurilishbank» ATBga «Navoiyazot» AJga milliy valyutada qiymati 35,4 mln. AQSh dollarilik kredit liniyalari ochilishini ta'minlash vazifasini yukladi. U 10 yillik muddatga beriladi. 

Prezident «Navoiyazot» AJga istisno tariqasida, qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida 2018 yilning 1 iyuliga qadar loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan birga, qurilish ishlarini olib borishga ham ruxsat berdi.

Ko‘proq yangiliklar: